English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mavsum bilan bog‘liq barcha yumushlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi
18:04 / 2016-10-10

Bugungi kunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi 1 ming 246 ta’lim muassasasida 4 ming 135 qozonxona ta’mirlanib, ichki va tashqi isitish tizimlari almashtirildi.

Bugungi kunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi 1 ming 246 ta’lim muassasasida 4 ming 135 qozonxona ta’mirlanib, ichki va tashqi isitish tizimlari almashtirildi.

Mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida barcha hududlarda zamonaviy maktablar barpo etildi, mavjudlari qayta ta’mirlanib, yangi qiyofa kasb etdi. Tizimdagi ishlar tobora rivojlantirilib, o‘qituvchi va o‘quvchilarga qator qulayliklar yaratilmoqda.

O‘quvchi yoshlarning sifatli ta’lim olishida maktablarni zarur jihozlar, o‘quv qurollari, darsliklar bilan ta’minlash bilan birga, yil davomida fasllarga monand iqlim sharoitini: havo iliq kunlari mo‘tadil, sovuq kunlari issiq haroratni yaratish ham muhim ahamiyatga ega.

Havo salqinlashib, qish kunlari yaqinlashayotganidan darak berib turgan ayni kunlarda ta’lim muassasalarining muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, isitish tarmoqlarini ta’mirlash va yangilash, tog‘li hududlardagi muassasalarda ko‘mir jamg‘arishga alohida e’tibor berilmoqda.

– Mavsumga tayyorgarlik ishlarini hududiy xalq ta’limi boshqarmalari, hokimliklar, tegishli tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikda amalga oshiryapmiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim muassasalarining moddiy-texnika ta’minotini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Uzoqov. – Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan, ijrosini muntazam ravishda monitoring qilib boryapmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining joriy yil 10-iyundagi mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarini 2016-2017-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizdagi joriy va mukammal ta’mirlanadigan ta’lim muassasalarining ro‘yxati shakllantirilgan. Unga ko‘ra, bugungi kunga qadar 55 umumta’lim maktabi, 319 maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 maxsus maktab-internati va Mehribonlik uylarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Mingga yaqin maktab, 630 dan ziyod maktabgacha ta’lim muassasasi, 9 maxsus maktab-internati joriy ta’mirdan chiqarilgan.

Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kapital va joriy ta’mirlash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilib, mavjud qozonxonalar bir necha turdagi yoqilg‘iga moslashtirildi va mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Mavsum oldidan 1 ming 346 ta’lim muassasasida 4 ming 568 isitish qozonini almashtirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 1 ming 246 ta’lim muassasasida 4 ming 135 qozonxona ta’mirlanib, ichki va tashqi isitish tizimlari almashtirildi, 27 ming 881 kvadrat metr yaroqsiz holga kelgan oynalar o‘rniga yangilari qo‘yildi. Rejaga muvofiq ko‘mir yoqilg‘isini yetkazib berish va isitish qozonlarini almashtirish ishlari 20-oktabrga qadar yakunlanadi.

Bugungi kunda vazirlik tasarrufida 15 ming 369 ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qish faslida mazkur ta’lim dargohlarida mo‘tadil haroratni yaratish, issiqliq tizimining muntazam ishlashigaerishish, yoqilg‘i mahsulotlarini jamg‘arish dolzarb vazifadir. Mutasaddilar tomonidan kuz-qish davrida tabiiy gaz bilan ta’minlangan va markaziy isitish tizimiga ulangan ta’lim muassasalarida mavsum bilan bog‘liq barcha yumushlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi. Vazirlik tomonidan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda chekka hududlardagi maktablarni ham ko‘mir, ko‘mir briketi bilan ta’minlash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 280-umumta’lim maktabi ham joriy yilda kapital ta’mirlandi. Zamonaviy sport zali, oshxona, maxsus o‘quv xonalari foydalanishga topshirildi. Ta’lim dargohida xonalarni isitish uchun qozonxona, energiya tejovchi lampalar, sport zali uchun zamonaviy suv isitish moslamalari o‘rnatildi.

– Sinflarimiz yangi o‘quv anjomlari, mebellar bilan jihozlandi, – deydi maktab direktori Nargiza G‘aniyeva. – Sport zalimizdagi qulayliklar, yaratilgan shart-sharoit tufayli o‘quvchilarimizning jismoniy tarbiya darslariga qiziqishi yanada ortmoqda. Ulardagi ilmga bo‘lgan ishtiyoq biz, o‘qituvchilarni ham izlanishga undaydi.

Darhaqiqat, mavsumga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik o‘quvchilarning bilim egallashlari uchun qulay sharoit yaratadi, ota-onalar ko‘nglini xotirjam qiladi.