Jizzax viloyati prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan qish mavsumida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish va mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida joylarga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, viloyat prokurori B.Ibrohimov rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan Jizzax shahridagi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasiga qarashli ko‘p qavatli uy-joylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi LK-1 qozonxonasining ish jarayoni o‘rganildi.

Favqulodda holat(avariya)larda zarur bo‘ladigan texnik vositalarning mavjudligi, shuningdek, qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli darajadagi nosozlik va muammolarning oldini olish yuzasidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli yong‘in-qutqaruv otryadining shaylik holati ko‘zdan kechirildi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialida isitish tizimining ishlash jarayoni nizoratdan o‘tkazilib, o‘rganish yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilar ogohlantirildi va yuzaga kelgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi.


Shuningdek, Jizzax shahridagi aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqdari va ijtimoiy soha ob’ektlari ham ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish va qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni yanada jonlantirish bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi.
Bulardan tashqari, viloyat prokurorining o‘rinbosari A.Mirzoyev boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari esa G‘allaorol tumanida qish mavsumida aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlashning holatini o‘rgandi.


G‘allaorol magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Jizzax janubiy” va “Olmachi” gaz taqsimlash stansiyalari ish faoliyati ko‘zdan kechirilib, qish mavsumida tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari