Qashqadaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani ayni shu masalaga bag‘ishlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat hududidagi 2 ming 267 ta ko‘p qavatli uy va ulardagi 57 ming 521 ta xonadondan 902 ta ko‘p qavatli uy va ulardagi 20 ming 274 ta xonadon tekshirib chiqilishiga erishilgan.
Mazkur profilaktik tadbirlar davomida qarovchisi yo‘q, yolg‘iz yashovchi qariya va nogironlar, ruhiy kasalliklar dispanserlarida ro‘yxatida turuvchi va spirtlik ichimliklarga ruju qo‘ygan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilib, ular istiqomat qilayotgan 8 ming 45 ta turar joydan 2 ming 536 tasining tekshirib chiqilishiga va fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilishiga erishildi.
[gallery-19392]
Profilaktik tadbirlar davomida mahalla faollari bilan birgalikda uyma-uy yurish davrida 274 ming 16 ta xonadonda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilgan. Shulardan 57 ming 728 ta ko‘p xonadonli uydagi xonadonda va 216 ming 288 ta shaxsiy aholi turar joyida fuqarolarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berildi.
Qolaversa, boshqarma tomonidan 2024 yilning o‘tgan 8 oyi davomida o‘tkazilgan maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlar va profilaktik ishlar natijasida 7 ming 345 ta bino va inshootda yong‘in kelib chiqish xavfining oldi olingan.
Sodir bo‘lgan yong‘inlarni o‘chirish vaqtida ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida 5 nafar inson qutqarilgan, 95 bosh uy hayvoni, 17 xildagi texnika, 97 milliard so‘mdan ziyod bino va inshoot qurilmalari va 11 milliard so‘mdan ortiq moddiy boyliklar saqlanib qolingan.
Shuningdek, fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid bilim va ko‘niklamalarga ega bo‘lib borishi natijasida 2024 yilning o‘tgan 8 oyi davomida viloyat hududida jami 661 ta yong‘in qayd etilgan bo‘lsa, shu ko‘rsatkich o‘tgan 2023 yilda 705 tani tashkil etadi, ya’ni 44 taga kamaygan. Jami sodir bo‘lgan yong‘inlarning 70 foizi aholi yashash joylarida yuzaga kelgan.
Bu raqamlar har bir insonni tashvishga solishi tayin. Boisi, bu raqamlar ortida inson taqdiri, ularning yillar davomida yiqqan mol - mulki, uy-joyi turganligini his etish qiyin emas.
Shuning uchun ham sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish hamda yong‘inlarning barvaqt profilaktikasini amalga oshirish barchamizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari