Qishlov betalafot o‘tmoqda
Mavsumga puxta hozirlik ko‘rgan Navoiy viloyati chorvadorlari qishni betalafot o‘tkazmoqda.
Mavsumga puxta hozirlik ko‘rgan Navoiy viloyati chorvadorlari qishni betalafot o‘tkazmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining sifatli go‘sht, sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida viloyatda qator loyihalar amalga oshirilib, 2015-yilning to‘qqiz oyida qariyb 96 ming 770 tonna go‘sht, 276 ming 180 tonna sut va sut mahsulotlari iste’molchilarga yetkazib berildi. Bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir. Bunda chorvachilikka ixtisoslashgan shirkat xo‘jaliklarining alohida hissasi bor.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa mahsulotlari turini ko‘paytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
“Navoiy qorako‘l” birlashmasidan ma’lum qilishlaricha, 2015-2016-yil chorva qishloviga xo‘jaliklarda 117 ming tonnadan ortiq dag‘al xashak, 4 ming 700 tonnadan ortiq shrot, sheluxa, arpa va omixta yem g‘amlangan.
Tomdi tumani shirkatlarida cho‘ponlarning uylari, qo‘ra-qo‘tonlar, avtotexnikalar hamda dag‘al xashak maydalash agregatlari joriy ta’mirdan chiqarildi. Ayni paytda maxsus shtablar tashkil etilib, mutaxassislar ko‘magida otarlarda yuzaga kelayotgan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Chorvaning qishdan tetik va to‘q chiqishi, sog‘lom nasl berishi uchun “Navoiydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan shirkat xo‘jaliklari uchun 3 ming 60 tonna omixta yem ajratish belgilangan bo‘lib, ayni paytda ozuqa peshma-pesh joylarga yetkazib berilayotir. Shirkatlarda 33 ming 788 tonna dag‘al xashak jamg‘arildi.
– Chorvaning taqdiri cho‘ponning qo‘lida, deb bejiz aytilmagan, – deydi Tomdi tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi N.Jabborov. – Shu bois, chorvadorlarning ham qishlov davrini namunali o‘tkazishi uchun oziq-ovqat zaxirasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, cho‘pon brigadalari va ishchilar issiq kiyimlar bilan ta’minlandi. “Tomdi Sako” hamda “Savdo invest Tomdi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib bermoqda. Shuningdek, shirkatlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, tezkor texnik xizmatni tashkil etish maqsadida avtoulovlar yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanmoqda.