Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqqa suv kelib, hayot tubdan o‘zgardi
12:59 / 2026-02-04

Ta’kidlash joizki, yaqinda davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan, 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, tumandagi “Oq oltin” mahallasida nasos orqali suv chiqarilishi natijasida 25 yil davomida tomorqasida ekin ekish imkoniyati bo‘lmagan 280 ta xonadon bugungi kunda 50-60 million so‘m atrofida daromad olayotganini qayd etdi.

Shuningdek, bu ishni uddalay olgan mahalla aholisi endilikda ichki yo‘llar holatini yaxshilash masalasini ko‘targani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari mas’ullarga ushbu maqsadlar uchun zudlik bilan 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

– Oqoltin mahallasi tarkibidagi besh qishloq orasida faqat Navur qishlog‘ida suv ta’minoti mavjud emas edi. Bu muammo yillar davomida aholini jiddiy qiynab kelgan, – deydi Oqoltin mahallasi raisi Dilshod Davlatov. – 2025 yilda Prezidentimiz e’tibori bilan mazkur muammo to‘liq bartaraf etildi. Jumladan, Qarshi magistral kanalidan 2 kilometr quvur tortilib, nasos hamda transformatorlar davlat hisobidan o‘rnatildi. Natijada aholi tomorqadan ilk bor barqaror daromad ola boshladi. Ilgari mehnat migratsiyasida bo‘lgan 100 nafardan ortiq fuqaro doimiy yashash joyiga qaytib kelib, mehnat faoliyatiga jalb etildi. Hozirda har bir xonadon o‘rtacha 45-50 million so‘m atrofida daromad olmoqda. Shuningdek, 2026 yil uchun ichki yo‘llarni ta’mirlash maqsadida 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi qishloq aholisi kayfiyatini yanada ko‘tardi. Ushbu mablag‘ mahalla hududidagi ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Qolaversa, aholi tashabbusi bilan o‘rnatilgan quyosh panellari orqali elektr energiyasi tejalmoqda va qo‘shimcha daromad manbalari yaratilmoqda. Natijada qishloq qiyofasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot tamoyillariga mos ravishda izchil yangilanib bormoqda.

Dehqonchilik ko‘pchilik uchun odatiy mashg‘ulot hisoblansa, Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga qarashli Navur qishlog‘i aholisi uchun bu bir necha yil davomida deyarli unutilgan ish edi.

– Men bu qishloqda 38 yildan beri yashayman. Shu paytgacha suv muammosi biz uchun katta qiyinchilik keltirardi. 2025 yilda Prezidentimizning va mahalliy rahbarlarning sa’y-harakatlari orqali qishlog‘imizga suv keltirildi, – deydi qishloq fuqarosi Obid Davlatov. – Natijada olti sotix tomorqamga kartoshka, pomidor va sabzi ekib, yaxshi daromad oldim. Faqat kartoshkaning o‘zi bir tonnadan ortiq hosil berdi. Ilgari qurib ketgan ko‘chatlar ham endi barq urib o‘smoqda. Avval tirikchiligimiz asosan chorvachilikka bog‘liq edi, hozir esa tomorqadan ham foyda ko‘ryapmiz. O‘tgan yili 30-40 million so‘m daromad oldik, bu yil esa 60-70 million so‘mga chiqishni rejalashtiryapmiz. Suv kelib, qishloqqa hayot kirdi, odamlarning ishonchi va ishtiyoqi ortdi.

Qishloqda uzoq yillar davomida aholi tomorqalari qaqragan tikanzor holatida qolgan. Suv tanqisligi sababli ko‘chat undira olmagan qishloq aholisi vaqt o‘tishi bilan bu holatga ko‘nikib yashashga majbur bo‘lgan.

Biroq 2025 yilda aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida qishloqliklar ilk bor tomorqadan barqaror daromad ola boshladi.

E’tiborli jihati shundaki, qishloq hududidan Qarshi bosh kanali oqib o‘tishiga qaramasdan, aholi undan foydalanish imkoniyatiga ega emas edi. Suv chiqarish uchun quvur tortish katta mablag‘ talab qilgan.

– Umidda yillar o‘tdi, ammo orzu hech qachon so‘nmadi, – deydi qishloq aholisi.

– Men 1954 yil Navur qishlog‘ida tug‘ilganman. Ilgari bu yerda sharoit juda og‘ir edi. Suv ham, maktab ham yo‘q edi, – deydi Panji Xoliyorov. – 2025 yildan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan qishlog‘imizda katta o‘zgarishlar yuz berdi: maktab qurildi, infratuzilma yaxshilandi. Tomorqalarimizga ekin ekib, daromad oldik. 2026 yilda ichki yo‘llarni ta’mirlashga salmoqli mablag‘ ajratilayotgani qishloq aholisi uchun katta quvonch bo‘ldi. Mahalla aholisi ushbu e’tibor munosabati bilan Prezidentimizga hamda sohadagi mutasaddi rahbarlarga o‘z minnatdorchiligini izhor etmoqda.

Qayd etish lozimki, Oqoltin mahallasida tomorqachilikni rivojlantirish maqsadida ajratilgan 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga 1 dona nasos va 1,9 kilometr yopiq quvur o‘tkazilib, 280 ta xonadonning 99 gektar tomorqa yer maydonlari suv bilan ta’minlandi. Nasoslarni elektr energiyasi bilan ta’minlashda aholi tashabbusi asosida 150 kVt quyosh paneli o‘rnatildi. Bu aholining tomorqadan har bir xonadon o‘rtacha 50-60 million so‘mgacha daromad olishiga zamin yaratdi. Davlat rahbari tomonidan ham bu jarayon e’tirof etildi.

Ayni paytda aholi tomorqalari joriy mavsumga to‘liq tayyor holatga keltirilgan. Bugun qishloq aholisi avvalgi yillarga nisbatan yanada katta rejalar tuzib, yangi orzular sari qadam qo‘ymoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hududida jami 27 ming 994 ta xonadon aholi tomorqalari bilan qamrab olingan bo‘lib, ularga ajratilgan yer maydoni 3 ming 428 gektarni tashkil etadi. Ushbu tomorqa yerlari aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlab, oilaviy daromadlarni oshirish hamda bandlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Navur qishlog‘idagi suv muammosi hal etilganidan so‘ng tomorqachilik faoliyati orqali aholi daromadi bir necha baravarga oshdi. Bu misol davlat va mahalliy hokimiyatning samarali hamkorligi, shuningdek, aholi tashabbusini birlashtirish orqali ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ko‘rsatadi. Suv va infratuzilma yetishmasligi aholi migratsiyasiga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir mahallalarda yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari paydo bo‘ldi. Bu esa aholining ishonchi va mehnatga bo‘lgan motivatsiyasini oshirdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri