Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonalari va sektorlar o‘rganishlaridan so‘ng viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan 72 ta qishloq-mahallada keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Shundan 27 ta hududdagi qurilish-ta’mirlash ishlari «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida bajarilyapti. Har bir masala aholi bilan bamaslahat hal qilinayotgani natijasida eng olis-chekka hududlarning ham yangi qiyofasi yaratilmoqda.
«Obod qishloq» dasturi bu yil Marhamat tumani «Birlik» mahallasida yashayotgan 3 ming 200 nafardan ziyod aholi hayotida ham yangi davrni boshlab berdi. Mahalla guzaridan sport o‘yingohigacha, yo‘llardan to elektru suv tarmoqlarigacha – barchasi yangilanmoqda. Asosiy maqsad – og‘ir sharoitdagi hududlarda mustahkam infratuzilma yaratish, aholi hayotiga bevosita daxldor tizimli masalalarni hal qilish, xalq roziligini ta’minlashdan iborat.
Birlik mahallasidagi tuproq ko‘chalar beton qoplamali yo‘lga aylantirilmoqda. Hozirda 5 ta ko‘chadagi qariyb 1,4km. beton yo‘l qurish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, 3,5 km. yo‘lga tosh-shag‘al to‘shaldi, 2 km. ko‘cha asfaltlandi. Tekis-ravon ko‘chalar chetlarida piyodalar yo‘laklari barpo qilinib, ko‘chatlar ekilmoqda. Bu esa yoshu keksani birdek quvontirmoqda.
Bu jarayonda mahalla ahlining eng katta muammosi ham hal qilinib, 5 km. ichimlik suvi quvurlari yangilandi, bitta suv minorasi qurildi. Elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun 100 dan ortiq simyog‘ochlar beton tayanchlarga, 4,5 km. eskirgan elektr tarmoqlari zamonaviysiga almashtirildi.
Bunyodkorlik va obodlik harakati bilan yangi mahalla guzari ish boshladi. E’tiborlisi, bu majmuada avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik hisobga olingan: keksa, o‘rta va yosh avlod uchun mosu foydali sharoit yaratilgan. Guzardagi sog‘lomlashtirish klubi, mini futbol maydonchasida yoshlar sport bilan mashg‘ul bo‘lsa, so‘lim va bahavo «Otalar choyxonasi» nuroniylar xizmatida.
Dastur doirasida «Birlik» MFYdagi 28-umumta’lim maktabi ham bosh-oyoq yangilanmoqda, 120 o‘rinli qo‘shimcha bino ham qurilmoqda. Maktab to‘liq ishga tushgach, jami 600 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga oladi va bu bilan qamrov 100 foizga oshiriladi. Ayni paytda yangi maktab binosida qurilish-pardozlash ishlari yakuniga yetkazilyapti.
Uyma-uy o‘rganishlar natijasida»Temir daftar», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlariga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz insonlar bandligini ta’minlash uchun avvalo, qishloqda yangi-yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda.
«Obod mahalla» dasturi Andijon tumani «Sadda tagi» mahallasidagi yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi va ijtimoiy infratuzilma bilan bog‘liq ko‘p yillik tizimli masalalarni ham hal qilish imkonini bermoqda.
«Sadda tagi» mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etilganiga salkam yarim asr bo‘lgan esada, Andijon shahrining shundoq biqinidagi bu mahallaning biror ko‘chasi asfalt qilinmagan edi. Bu yil mahalladagi barcha tuproq ko‘chalar avval tosh-shag‘alli yo‘lga aylantirildi. So‘ng uning 20 km. qismiga beton qoplandi. Yo‘llar chetlari yashil hududga aylantirilib, yo‘laklar, veloyo‘laklar tashkil etildi. Ko‘chalarga zamonaviy tejamkor yoritkichlar o‘rnatildi.
«Saddatagi» mahallasida ichimlik suvi va elektr ta’minotida ham muammolar bor edi. Joriy yil avvalida bu boradagi muammolar tahlil qilingach, 2ta transformator, 291 ta beton tayanch o‘rnatilib, 7.3 km. elektr tarmog‘i yangilandi. Har bir xonadonga obi hayot olib kirish uchun 11.9 km. suv tarmog‘i tortildi.
Bunyodkorlik va obodlik nafasi bu yil «Saddatagi»ni to‘la qamrab oldi. Dastur doirasida mahalla idorasi uchun ham yangi bino bunyod etilayotgani hududdagi mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori faoliyatini yangi asosda tashkil qilishda yanada qulay sharoit yaratadi.
Avvallari mahalla ahli farzandlarini boshqa qishloqdagi bolalar bog‘chalariga olib borgan bo‘lsa, endi hududning o‘zida davlat xususiy sheriklik asosida 100 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etildi.
«Saddatagi» mahallasidagi yirik loyihalardan biri 5 qavatli ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilishi bilan 2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Hozirda korxonada qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazildi, xorijdagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy jihozlar olib kelib o‘rnatildi. Asosan trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarining 90% eksportga yo‘naltiriladi.
Muxtasar aytganda, joriy yilda Andijon viloyatidagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir72 ta qishloq-mahalladagi 44,6 km. yo‘lga tosh-shag‘al, 30,4 km. yo‘lga asfalt, 33 km. beton qoplamasi yotqizildi, 221 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 55 dona ichimlik suvi inshooti qurildi-ta’mirlandi.
Andijonning olis va chekka qishloqlari ham butkul yangi qiyofaga kirayotgani, qishloq hayotidagi o‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotida o‘z ifodasini topayotgani davlatimiz rahbarining «Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni aynan bugun ko‘rishi kerak», «Inson qadri uchun» g‘oyalarining real hayotdagi yana bir amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
O‘zA