Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshadi
12:40 / 2021-06-15

Andijon viloyatining qishloq hududlarida joylashgan 60 oilaviy poliklinika eng zamonaviy UZI, EKG apparatlari hamda reanimatsiya uskunalari bilan jihozlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi "Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini takomillashtirish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Osiyo taraqqiyot banki"ning moliyaviy ko‘magi bilan Andijon viloyatiga 6,8 milliard so‘mlik UZI va EKG apparatlari, shuningdek, 9,6 milliard so‘mlik reanimatsiya uskunalari keltirildi.

– Mamlakatimizda xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlardan nafaqat fuqarolarimiz, balki shifokorlar ham behad mamnun, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Yusupov. 

[gallery-2791]

– Hukumatimiz qarori bilan keltirilgan zamonaviy uskuna va jihozlar xastaliklarni erta aniqlash va davolash, shifokorlarimiz imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.

Mazkur apparat va uskunalarning oilaviy poliklinikalarga topshirilishi bilan qishloq joylarda istiqomat qilayotgan aholining uzog‘i yaqin bo‘ladi. Endilikda ular o‘z xastaliklariga tashxis qo‘yish, UZI va EKG apparatiga tushish uchun shaharga borishiga hojat qolmaydi. Qolaversa, ushbu tibbiy jihozlar bemorlarga erta va aniq tashxis qo‘yish imkonini ham beradi.  

Shuningdek, yaqin kunlarda qiymati 9,6 milliard so‘m bo‘lgan 38 dona reanimatsiya asbob-uskunalari – sun’iy nafas olish (IVL) apparatlari bilan jihozlanadigan qishloq oilaviy poliklinikalarida davolash ishlari yanada samarali bo‘lishi, shu bilan birga, ana shu hududlarda tibbiy xizmat sifatining yuksalishiga xizmat qiladi.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA