Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqlarda ham maxsus cho‘milish havzalari qurilsa... (+video)
16:10 / 2022-08-06

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida «Cho‘milish havzalaridagi suvlarning salomatlikka zarari yo‘qmi?» mavzusidagi ovozli chatning navbatdagi matn hamda videohavola ko‘rinishini taqdim etamiz.

— Qishloqlarda ham cho‘milish havzalari qurilsa bo‘lmaydimi? Bu taklifni kim ilgari suradi, sizlarning vakolatingizga kiradimi?

— Buni hech kim chegaralamagan, barcha tashkilotlarning vakolati bor. Bu bolalarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lgani uchun ko‘proq mahalliy hokimiyat, xalq ta’limi, sport vazirligi, yoshlar ishlari agentligining vakolatiga kiradi. Biz shifokorlar ham taklif kiritamiz, lekin ko‘pincha shu tadbirlar amalga oshirilayotganda xavfsizlik tomonlari, sanitariya talablariga javob berishi, epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etilishiga ko‘proq e’tibor beramiz. Bundan tashqari, bu tashabbusni mahalla faollari, onalar ham ko‘tarishi mumkin. Ammo rejani amalga oshirish uchun byudjetdan pul ajratilishi zarur. Pul ajratilmasa, tadbirkorlarga basseyn qurib, foydalanishiga imkoniyat beriladi, — deydi, Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Raufjon Qosimov.

— Cho‘milish havzasi, ya’ni ko‘l yoki anhorlarda cho‘kayotgan odamga qanday yordam ko‘rsatish zarur?

— Cho‘kish nafas yo‘liga suv va boshqa suyuqliklarni kirishi bilan kechadigan vaziyat. Agar suv havzasida birorta odamni cho‘kayotgani kuzatiladigan bo‘lsa, hammayam birinchi yordamni bergisi keladi. Cho‘kayotgan odamga yordam berish uchun eng avvalo uning orqasidan kelish kerak. Chunki cho‘kayotgan odam o‘zi bilan yordamga kelgan odamni ham tortib ketishi mumkin. Sochidan ushlab turib, qutqarishni boshlash zarur. Suv havzasidan chiqqanidan keyin ushbu odamga birinchi yordam ko‘rsatiladi. Agar jabrlanuvchining yuragi urib turgan, nafas olayotgan bo‘lsa, tezlik bilan kiyimlarini yechib, quruq sochiq bilan artintirib qiya joyga yotqiziladi. Yuragi urib tursayu nafas olmayotgan bo‘lsa, zudlik bilan unga sun’iy nafas beriladi. Buni har bir fuqaro tibbiyot xodimlarsiz bajarishi mumkin, — deydi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Dilfuza Hikmatova.

— Yopiq turdagi cho‘milish havzalaridagi suvlarning tozaligi necha kun davomida tekshiruvdan o‘tkaziladi?

— Har bir yopiq turdagi suzish havzalarining o‘zida tibbiyot xodimi mavjud. Cho‘milish havzasidagi suv deyarli har kuni, har soatda kimyoviy reagentlar yordamida nazorat qilinadi. Maxsus rang ko‘rsatkichi orqali suvdagi siydik, xlor miqdorini aniqlaydi. Tibbiyot xodimlari rang ko‘rsatkichiga qarab turib, bizni nazoratimizsiz ham o‘rganish ishlarini olib borishadi. Epidemiologiya mutaxassislari tomonidan esa har oyda laboratoriyalarga maxsus idishlarda suv olib ketilib, o‘rganish ishlari olib boriladi. Suvning kimyoviy holati, bakteriologik ifloslanganlik jihatlari o‘rganiladi. Ayniqsa, kunlar isigan vaqtda nazorat jiddiy e’tiborga olinadi,— deydi Dilfuza Hikmatova.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OpIBDgWMAis" title="Cho‘kayotgan odamga qanday yordam berish kerak?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

N. Rahmonova, N. Abduvoitov (video), O‘zA