English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqlarda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanmoqda
18:42 / 2025-11-19

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali kuz-qish mavsumida shaxsiy xonadon iste’molchilarini, ijtimoiy va sanoat tarmoqlarini barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida joriy yilda keng ko‘lamdagi ishlar olib borildi.

Bugungi kunda filial tasarrufidagi uzunligi 20 ming 479,5 km 0,4-110 kV elektr uzatish tarmog‘i, 6 ming 793 dona transformator punkti orqali elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda. Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida uzunligi 2 ming 434,3 km 0,4-110 kV elektr tarmog‘i hamda 745 dona transformator punktida yirik ta’mirlash ishlari bajarildi.

Bundan tashqari, bugungi kunda uzunligi 4 ming 541,9 km 0,4-110 kV elektr tarmog‘i va1 ming 587 dona transformator punktida kichik ta’mirlash ishlari olib borildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha  zaxira materiallari jamlandi, ular jumlasiga  67 dona tarmoq transformatori, 67,9 tonna transformator moyi, 4,7 tonna AS rusumli sim, 9,8 kilometr kabel, 546 dona temir beton ustuni, 4 ming 50 dona avariya ehtiyot qismlari kiradi. Bundan tashqari, 39 ta maxsus texnika, brigadalar uchun 48 ta avtotransport hamda avariya holatlarini tezkor bartaraf etish uchun 80 ta brigada shay holatga keltirildi.

Mavsum arafasida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan press-tur tashkil etilib, unda ommaviy axborot vositalari vakillari Nukus tumanidagi “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘inidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Mutaxassislar tomonidan  respublika hududida yashovchi shaxsiy xonadon iste’molchilarini, ijtimoiy va sanoat tarmoqlarini barqaror hamda uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan og‘ir hududga kiritilgan mahallalarga mablag‘ ajratilib, shuning hisobidan 39,5 kilometrlik elektr tarmog‘ini rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash ishlari rejalashtirildi, – deydi Nukus tumani elektr tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Dauletbay Yeshniyazov.  – Ayni paytda rejadagi ishlar to‘liq bajarildi.

– Qishlog‘imizda 800 dan ortiq xonadon yashaydi. Bu yerga 1993 yilda elektr tarmoqlari tortilgandi. Bugungi kunda ularning aksariyati yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Yaqinda yangi beton ustunlar o‘rnatilib, zamonaviy elektr tarmoqlari tortildi. Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda yangi elektr tarmoqlarining tortilishi aholiga foydali bo‘ldi. Bunday qulayliklar yaratayotgani uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz, –  deydi ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini “Sho‘rko‘l” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Orazbay Darmaganbetov.

Press-tur ishtirokchilari chekka hududlarda  amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri