Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqlarda aholi daromadini oshirish borasidagi ishlar davom etmoqda
10:34 / 2025-02-24

Mamlakatimizda aholi daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qildi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar esa doimiy nazoratda.

Kichik biznes va tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanib, hududlarda korxonalar ochilmoqda. Bu imkoniyatlarni joylarda samarali ishlatib, aholiga daromad manbai yaratib berish asosiy maqsadlardan biri.

Bugungi kunda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerni qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Loyiha doirasida tanlab olingan hududlardagi shaxsiy tomorqa yer egalariga turli amaliy yordam berilayotgani ayni haqiqat.

FAOning ushbu loyiha benefitsiar hamkori Genjemurat Turdimuratovga ham o‘z daromadini oshirishi uchun turli innovatsion texnologiyalar, shu jumladan, zamonaviy issiqxona qurish, tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, biogumus ishlab chiqarish va yuqori reproduksiyali urug‘lar bilan ta’minlash bo‘yicha yordam ko‘rsatilmoqda.

U bugungi kunda u o‘z tajribasini boshqa tomorqa yer egalari bilan o‘rtoqlashib, ularga ham yuqori daromad olish yo‘llarini o‘rgatib kelyapti. FAO tomonidan Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida tuman hokimligi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda tomorqa xo‘jaliklari egalari uchun kichik issiqxonalarda gul va sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi.

Mutaxassislar tomorqalardan samarali foydalanishda ekinlar xilma-xilligini joriy etishning ahamiyati, gulchilik uchun issiqxonalarni tayyorlash va asosiy turdagi gul ko‘chatlarini yetishtirish usullari haqida batafsil ma’lumot berdi. Alohida e’tibor gul ko‘chatlarini zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashda kimyoviy, biologik va tabiiy usullardan foydalanish masalalariga qaratildi.

– Seminarda asosan viola va tagetes gullarini yetishtirish texnologiyasiga alohida e’tibor qaratdik, – dedi loyihaning milliy koordinatori Aziz Nurbekov. – Bu gullar nafaqat manzarali, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali. Yuz metr kvadratli issiqxonada gullar to‘g‘ri parvarishlansa, 2 ming 500 tup ko‘chat yetishtirish, mavsum davomida esa 3-4 marta hosil olish imkoniyati bor. Viola gulining bir tupi yetti ming so‘mgacha sotilganida bir yil davomida bitta issiqxonadan anchagina daromad olish mumkin.

Bunday seminar-treninglar orqali aholiga zamonaviy gulchilik texnologiyalarini o‘rgatish, ularning daromadini oshirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga yordam berishga erishiladi.

Tadbir davomida Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida gulchilik bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlarga “Ayollarning iqtisodiy imkoniyati va tadbirkorlikdagi o‘rni: Gender tengligi va barqaror rivojlanish” mavzusida ham trening o‘tkazildi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA