French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqlar obod ko‘ngillar shod
18:01 / 2021-04-05

“Obod qishloq” dasturi – amalda

Buxoro viloyati Jondor tumani Xalq qabulxonasi taklifi bilan “Luqmon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududi “Obod qishloq” dasturiga kiritildi. bugungi kunda ushbu hudud qishloqlarida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

– Hududimizda 7 ta qishloq joylashgan, – deydi “Luqmon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Azim Safarov.– Lolo, Yuqori Luqmon, Luqmon-1, O‘ba, Davcha, Sherbayon va Orzu qishloqlarining infratuzilmasi yaxshilanib, insonlarning hayot sifati o‘zgaradi. Tadbirkorlik rivojlanadi. Joriy yilda davlat rahbarining tashabbusi bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, yo‘l, elektr ta’minoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas’ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashildi. Mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda ish o‘rinlari tashkil etish, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Bu ezgu ishdan luqmonliklar juda xursand.

“Luqmon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi qishloqlar tuman markazidan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududning umumiy yer maydoni 3 ming 104 gektar. Shundan sug‘oriladigan yerlar 1 ming 90 gektar, mevazorlar 60,2 gektar, uzumzorlar 6,2 gektar va boshqa yerlardan iborat. Mahalla aholisi 3 ming nafarni, xonadonlar soni 780 tani, oilalar soni 917 tani tashkil etadi. Mahalla hududida 9 ta savdo do‘koni, 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 1 ta qishloq oilaviy poliklinikasi filiali, 1 ta sartaroshxona, 2 ta qabriston mavjud. Aholining 21 foizini (690 nafar) yoshlar (18-30 yosh) tashkil qiladi. Hudud aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. 130 nafar (shundan 50 nafar yoshlar) chetga chiqib ketgan. Chetga chiqib ketganlarning 34 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. bugungi kunda “Temir daftar”ga 13 ta oila ro‘yxatga kiritilgan. “Yoshlar daftari”ga 690 nafar yoshlar va “Ayollar daftari”ga 651 nafar xotin-qizlar ro‘yxatga olingan.

– Hududdagi xonadonlar markazlashgan tarzda toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jondor tumanidagi Xalq qabulxonasi mudirii Feruz Tursunov. – Ichimlik suvi mahalladan 20-25 kilometr uzoqlikda joylashgan viloyatning Vobkent, Buxoro va Romitan tumanlaridan sesternalarda tashib keltiriladi. Hududning avtomobil va ichki yo‘llari uzunligi 10,5 kilometrni tashkil qiladi. Jumladan 3,5 kilometr asfalt, 7 kilometr shag‘al yo‘llardan iborat. Yuqori Luqmon qishlog‘idan 1 ming 100 metr, Lolo qishlog‘idan 1 ming 300 metr, Davcha qishlog‘idan 300 metr, O‘ba qishlog‘idan 300 metr, Sherbayon qishlog‘idan 700 metr jami 3 ming 700 metr uzunlikdagi ichki shag‘al yo‘llar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.

Yuqori Luqmon va Lolo qishloqlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan transformator punktlarining ushbu hududdagi aholi xonadonlariga nisbatan quvvati pastligi, iste’molchi soni ko‘pligi boisdan aholi xonadonlariga elektr toki me’yor darajasida yetkazib berilmayapti. Shuningdek, Lolo qishlog‘ida 3 ta, Yuqori Luqmon qishlog‘ida 3 ta, Davcha, O‘ba va Sherbayon qishloqlaridagi 1 tadan elektr transformator punktlari ta’mirtalab holga kelgan. 780 ta xonadonlarning barchasi tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Xonadonlar suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Oborotda jami 813 ta gaz balon mavjud. Qo‘shimcha yana 20 ta gaz balonlari talab etilmoqda.

Hududda maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emas. Tahlillar mahalladagi 917 ta oilaning bog‘cha yoshidagi bolalar soni 221 nafarni tashkil etadi. Ularning 30 nafari asosan Luqmon MFY Yuqori Luqmon va Lolo qishlog‘idan ushbu mahallaga qo‘shni bo‘lgan Ibn Sino mahallasi Asbobsoz qishlog‘ida joylashgan 34-sonli MTTga boradi.

34-sonli MTT 1984 yilda qurilgan bo‘lib, 2018 yilda qayta rekonstruksiya qilingan. MTT 90 nafar bolaga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda Ibn Sino mahallasida bog‘cha yoshidagi bolalar soni 315 nafarni tashkil etadi. Ushbu MTT sig‘imi kichikligi bois 2 ta mahalla aholisi farzandlarini joylashtirishning imkoni yo‘q. Bu esa fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, O‘ba, Davcha va Sherbayon qishloqlari bilan 34-MTT oraliq masofasi 2,5-3,5 kilometrni tashkil etadi. Yo‘luzoqligi sababli ushbu qishloqda yashovchi aholi bog‘cha yoshidagi bolalarini MTTga yuborishmaydi.

Maktab yoshidagi bolalari ushbu mahallaga qo‘shni bo‘lgan “Ibn Sino” MFYning Quyi Luqmon qishlog‘ida joylashgan 36-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qatnab o‘qiydi. 36-sonli o‘rta umumta’lim maktabi 1986 yilda qurilgan. 5 ta 2 qavatli binodan iborat. O‘quvchilar sig‘imi 1 ming 176 nafarni tashkil etadi. bugungi kunda ushbu maktabda 982 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘qituvchilar soni 76 nafar.

Maktab lokal isitish tizimi bilan ta’minlangan. 9 ta qozonxona gaz va ko‘mir bilan ishlashga mo‘ljallangan. Bino oxirgi marta 2008 yilda joriy ta’mirlangan. bugungi kunda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Maktab oshxonasining ovqat pishirish anjomlari hamda stol va stullari eskirgan, talabga javob bermaydi.

Maktab sport zalining poli chirigan, sport anjomlari bilan to‘liq ta’minlanmagan. Sportning kurash va badiiy gimnastika turlari bilan shug‘ullanish uchun alohida sport zali mavjud emas. Shuningdek, maktabning atrof hududi temir panjara yoki devor bilan o‘ralmagan.

Lolo, O‘ba, Davcha va Sherbayon qishloqlari bilan 36-maktab oralig‘idagi masofa 2,5-3,5 kilometrni tashkil etadi. Bu qishloqlardagi maktab yoshida bo‘lgan bolalarning, ayniqsa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining maktabga qatnashiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Luqmon-1 qishlog‘idagi tibbiyot maskani Yuqori Luqmon, Luqmon-1, Lolo, O‘ba, Davcha, Orzu hamda Ibn Sino mahallasining Quyi Luqmon qishloqlari fuqarolariga xizmat ko‘rsatadi.

Mazkur tibbiyot maskani binosi 1975 yilda qurilgan. O‘tgan davr mobaynida biror marotaba ham ta’mirlanmagan. Isitish tizimi ishlamasligi sababli 14 ta xonadan iborat bo‘lgan binoning qish faslida faqatgina 1 ta xonasiga burjuyka pechi qo‘yiladi. Shu xonada 2 nafar shifokor va 8 nafar hamshira faoliyat olib boradi. Tibbiyot maskanining mebellari va tibbiyot uskunalari ma’nan eskirgan, bugungi kun talabiga javob bermaydi. Hududda istiqomat qiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarning 18 foizini ishsizlar tashkil etsada, ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni, ayniqsa yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash maqsadida hududda biror-bir tadbirkorlik ob’ekti barpo etilmagan.

Yig‘in uchun alohida bino mavjud emas. Hozirgi kunda mahalla raisi va boshqa xodimlari Yuqori Luqmon qishlog‘ida joylashgan eski pochta xizmati binosining 2 ta xonasida faoliyat olib bormoqda. Mahalla xonalaridagi mebel va boshqa jihozlar eskirgan, bino ta’mirtalab holatda, mahalla binosida hududiy profilaktika inspektori xizmat olib borishi uchun alohida xona ajratilmagan.

Mahalla aholisining madaniy hordiq chiqarishlari uchun madaniyat uyi hamda sport bilan shug‘ullanishlari uchun sport-sog‘lomlashtirish majmuasi barpo etilmagan. Lolo qishlog‘idagi “Qalli Mallaboy” va “Xo‘ja Darzi” qabristonlarining atrofi devor bilan o‘ralmagan. Davcha, Lolo va Yuqori Luqmon qishloqlaridan oqib o‘tuvchi 4 kilometr uzunlikdagi zovur bir necha yildan buyon qazilmagan. Tozalash ishlari amalga oshirilmaganligi sababli qamish va boshqa xashaklar bilan to‘lib, ekin yerlarining zax suvlarini tortish xususiyati pasaygan.

Bularning bari ortda qolib, luqmonliklarning hayot tarzi o‘zgarmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi asosida joriy etilgan yangi tizim doirasida luqmonliklarning hududi yanada obod bo‘ladi.

Zarif Komilov,  Tohir Istatov (surat), O‘zA