Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqdagi 92 xotin-qiz ishli bo‘ldi
15:25 / 2020-01-20

Dunyo miqyosida ishsizlik masalasi global muammoga aylanayotir.


Dunyo miqyosida ishsizlik masalasi global muammoga aylanayotir. Mamlakatimizda ham bu muammo mavjud. Bugun qishloqlardagi aholining aksariyat qismi ishsizlikdan aziyat chekayotgani ham hech kimga sir emas. Ishsizlar ro‘yxatida xotin-qizlarning salmog‘i katta.

Hukumatimiz tomonidan olis qishloqlardagi ayollarning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qishloq joylarida, mahallalarda va respublikamizning olis hududlarida ishga muhtoj aholi, ayniqsa, ayollar bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoiti va daromadini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Prezidentimizning 2019 yil 28 maydagi “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Madaniyat qishlog‘ida tashkil qilingan sendvich panelli tikuvchilik fabrikasi ham mana shunday islohotlar natijasidir.

Loyiha qiymati 2 milliard 300 million so‘mni tashkil qilgan korxonaning ishga tushishi natijasida Madaniyat qishlog‘ilik 92 xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.

– Tikuvchilik hunari menga momomeros, – deydi Sarvinoz Abdurahmonova. – Shu bois, tikuvchilikka juda qiziqaman. Qishlog‘imizda tikuvchilik fabrikasining ochilishi men kabi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaganidan juda quvondik. Bundan oila a’zolarim ham juda mamnun. Qishloq sharoitida ayol kishining chetga borib ishlashi uchun imkon juda kam. Dala-dashtdan boshqa ish topa olmaysan. Bu kabi korxonalar soni ko‘paysin. Mana shunday ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayotgan Yurtboshimizdan juda minnatdormiz.

Ta’kidlash lozimki, 2019 yilning noyabr oyida ish boshlagan korxonada ayni paytda sifatli bo‘z matosidan kuniga 8 ming dona ekopaket tikilib, eksportga jo‘natilmoqda. Buning uchun korxonaga 83 dona zamonaviy tikuv mashinasi keltirilgan.

Darhaqiqat, olis hududlarda tashkil etilayotgan bu kabi yengil sanoat korxonalari yurtimizning eksport salohiyatini oshirish, eng asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.