English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloqda O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
16:10 / 2022-06-27

Bundan 5-6 yil muqaddam mamlakat miqyosidagi chempionat yoki katta sport musobaqasi qishloqda o‘tkazilibdi, desa birov ishonmasdi.

Bunday musobaqalarni qishloq yoki mahallalarda tashkillashtirish qiyin masala edi. Talab darajasidagi sport inshootining yo‘qligi, yo‘llarning abgorligi, shu kabi maishiy muammolar bunday orzuning amalga oshishiga izn bermasdi.  

Hozirda O‘zbekistonning istalgan tumanida, hattoki qishloqlarida mamlakat miqyosidagi chempionatlar, xalqaro musobaqalar tashkil etish uchun zarur infratuzilma yaratildi. Ayrim tumanlarda ko‘p tarmoqli sport majmualari qad rostladi. 

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining Xonobod qishlog‘ida joylashgan ochiq kurash maydonida belbog‘li kurash bo‘yicha 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tgan O‘zbekiston chempionati bunga yorqin misol bo‘ldi. Chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar Toshkent shahridan 300 nafardan ortiq yosh polvonlar qatnashdi. 

Yuqori saviyada tashkil etilgan musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida 11 tadan vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda 7 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurashdi.  

Murosasiz bahslarda o‘z vaznlarida Tillabek Qodiraliyev (Toshkent viloyati), Ixlosbek Muhammadov (Andijon), Javlon To‘xtayev (Toshkent viloyati), Hayitbek Obidjonov (Andijon), Davlatbek Abduqosimov (Sirdaryo), Quvonchbek Xurramov (Samarqand), Bektoy Mardonov (Samarqand), Muhammadyusuf Mamajonov (Farg‘ona), Shohjahon Rahmatov (Toshkent viloyati), Jasmina Ma’murjonova (Farg‘ona), Naimaxon Subxonaliyeva (Farg‘ona), Arofatxon Muhammadova (Andijon), Azizabonu Otaqo‘ziyeva (Namangan), Jasmina Norboboyeva (Qashqadaryo) kabi yoshlar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. 

G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Turli viloyatlardan kelgan yuzlab yosh sportchilar, ularning murabbiylari Farg‘onaning betakror tabiatidan bahra oldi, do‘stlar orttirdi. Bundan ham muhimi, belbog‘li kurash musobaqalari tufayli Xonobod qishlog‘i va uning atrofidagi o‘nlab mahalla ahli uchun chinakam sport bayrami tuhfa etildi.  

Shiddatli kurash bellashuvlarini tomosha qilgan, yosh polvonlarning chapdast harakatlaridan zavq olgan insonlarda milliy sport turlarimizga, sog‘lom turmush tarziga e’tibor ortdi. Bu, chinakam salomatlik targ‘iboti emasmi?  

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA