French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jalik yerlari sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilinadi
09:07 / 2025-04-05

Mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalari rivoji uchun ilg‘or kosmik texnologiyalarni qo‘llab kelayotgan ”O‘zbekkosmos” agentligi bir necha yillardan buyon yerni masofadan zondlash dasturi orqali unikal bo‘lgan “Davlat kosmik monitoring” tizimida faoliyat olib bormoqda.

Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer munosabatlari (kadastr), o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida sun’iy yo‘ldoshlardan olingan kosmik suratlarni qayta ishlash orqali yuqori aniqlikdagi ma’lumotlar tarmoqlarga taqdim etilayapti.  

Bu borada Agentlik vakillari doimiy tarzda Respublikaning turli hokimlik va idoralari bilan uchrashuv hamda taqdimotlar o‘tkazishmoqda.

Xususan, Jizzax viloyati hokimligida o‘tgan navbatdagi uchrashuvda hududning qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, kosmik monitoring vositalarini joriy etish masalasi muhokama etildi.

Uchrashuvda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Rahimov, shuningdek, Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Muhokamalarda  qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini masofadan turib monitoring qilish, ularning unumdorligini baholash, ekin maydonlarini aniqlik bilan kuzatish imkoniyatlari,  “Ochiq portal” platformasi orqali real vaqt rejimida ma’lumotlarni shakllantirish, tahlil qilish va aniqlangan muammolarga tezkor choralar ko‘rish mexanizmlari  yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek,  noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlarini aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu texnologiyalar orqali qishloq xo‘jaligi sohasida resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish, hamda yerlarni nazorat qilish va boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratish mumkin bo‘ladi.

Qayd etish lozim, bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 oktyabrdagi “2024 - 2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunida Jizzax viloyat hokimligi hamda “O‘zbekkosmos” agentligi o‘rtasida viloyatda kosmik monitoring asosida yer resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.

N.Rahmonova, O‘zA