Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligining istiqboli muhokama qilindi
11:50 / 2026-02-13

Sirdaryo viloyatida agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va fermerlikni rivojlantirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ishchi tashrifi bilan viloyatga kelgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov agrar sohadagi islohotlar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va fermerlikni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratdi.

Vazir dastlab "Ping Sheng Agro Tech" klasteriga qarashli “Lesso” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda suv tejovchi texnologiyalar uchun shlanglar, quvurlar, texnik uskunalar va transformatorlar ishlab chiqariladi. Korxonaning yillik quvvati 20 ming gektar maydon uchun yetarli mahsulot tayyorlash imkonini beradi, hozirda esa 6 ming gektar maydon uchun zarur mahsulot ishlab chiqarilgan.

Vazir mahalliy texnologiyalarni ishlab chiqarish fermerlarning xarajatlarini qisqartirish, zamonaviy sug‘orish tizimlarini keng joriy etish va hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliy tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Ish safari davomida paxta yetishtirishda zamonaviy usullar, suv resurslaridan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu loyihalar agrar sohada texnologiyalar ulushini kengaytirish va fermerlar samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Vazir shuningdek Boyovut tumanidagi Agroxizmatlar ko‘rsatish markazi (AKIS) Sirdaryo filialida amaliy seminarda ishtirok etdi. Seminarda Paxtachilik kengashi a’zolari, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi rahbarlari, tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va fermer xo‘jaliklari videokonferensiya orqali faol qatnashdi.

Seminarda paxta va g‘alla yetishtirishda diversifikatsiya, “Shinjon” usulining samaradorligi, urug‘chilikdagi yangiliklar va ilg‘or ekish texnologiyalari taqdim etildi. Shuningdek, kartoshkachilik, yuqori hosildor navlar va ilmiy agrotexnik yondashuvlar masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “Jivamrid” va “Bokashi” agrotexnologiyalari, suyak kukunidan organik o‘g‘it tayyorlash va suv ustida sholi yetishtirish texnologiyalari ham muhokama qilindi. Bu usullar fermerlar daromadini oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Seminar yakunida fermerlar murojaatlari tinglandi, ayrim masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi va huquqiy tushuntirishlar taqdim etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri