Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligini robotlashtirishga urinayotgan o‘zbekistonlik yigit
14:39 / 2026-02-27

Sardor Rahmatulloyev – "Y Combinator"ga qabul qilingan ilk o‘zbekistonlik startaper, "Twolabs" asoschisi.

"Twolabs" inson qo‘llari bilan qishloq xo‘jaligida va ferma ishlarida ishlanayotgan haqiqiy dunyo videolarini yozib oladi, ularni tegishli leyblar (label) bilan belgilaydi va so‘ngra bu ma’lumotlarni robototexnika kompaniyalari va AI laboratoriyalariga yetkazadi. Bu ma’lumotlar orqali gumanoid robotlar yoki AI tizimlari qishloq xo‘jaligida ekinlar va ferma maydonlarini nazorat qilish, ekinlar nobud bo‘layotganini aniqlash, ob-havo o‘zgarishlariga tezkor reaksiya qilish, robotlarni insonlar bilan hamkorlikda ishlashga tayyorlash kabi ishlarni samarali bajarish mumkin.  

"Y Combinator" — 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng nufuzli startap akseleratorlaridan biri. U erta bosqichdagi loyihalarga investitsiya, 3 oylik intensiv dastur, mentorlik va global investorlar tarmog‘i orqali chiqish imkonini beradi. Bu esa startaplarga tez rivojlanish, xalqaro bozorga chiqish va "Demo Day" orqali yirik investitsiyalar jalb qilish imkonini yaratadi.

Samarqandlik Sardorning bolaligi  Nyu-Yorkda o‘tdi. Qahramonimiz 2017-yilda o‘zining ilk e-commerce biznesini yo‘lga qo‘ydi. Ammo ilk biznes faoliyati muvaffaqiyatli kechmadi. Keyin "Cornell" universitetiga o‘qishga qabul qilingan Sardor shu yerda startaplar bilan jiddiy shug‘ullana boshladi.

"Cornell"da u NFT va kripto loyihalarini boshladi,  o‘z mobil va dasturiy mahsulotlar agentligini yo‘lga qo‘ydi.  Bu tajribalar unga  hamkorlik qilish, jamoa boshqarish va real daromad olishni o‘rgatdi. 2025-yilda kollejni bitirgandan so‘ng "Meta" kompaniyasida dasturiy muhandis sifatida ishladi, AI tizimlari bo‘yicha tajriba orttirdi, ammo o‘z startapini qurish istagidan voz kechmadi.

Sardorning asosiy g‘oyasi — qishloq xo‘jaligini robotlashtirish.  

–  Bizning kompaniyamiz inson qo‘llari bilan ishlayotgan haqiqiy dunyo videolarini yig‘ib, ularni robototexnika kompaniyalariga yetkazadi, – deydi u. – Bu orqali kelajakda robotlar dehqonlar bilan birga ishlay oladi va ularga yordam beradi. Men Samarqandda tug‘ilganman va dehqonchilikni yaxshi tushunaman. Shu sababli qishloq xo‘jaligi sohasini tanlashim ham bejiz emas. O‘zbekistonda, Markaziy Osiyoda va butun dunyoda dehqonlar bilan hamkorlik qilishni maqsad qilganmiz.

Sardor  tengdoshlariga inson hamisha o‘ziga ishonishi lozimligini,  hech narsa imkonsiz emasligini, har bir yosh texnologiyalarni mukammal o‘rganishga intilishi kerakligini ta’kidlaydi.   Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes va startaplar bilan tajriba orttirish katta maqsadlarni amalga oshirishga turtki beradi.

Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashganda ham ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, kelgusida har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum, maktab direktori va boshqa mas’ullarning hududidagi yoshlarning til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishiga, g‘oya, loyiha va startapiga ko‘mak berib, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilib, birorta yoshni e’tiborsiz qoldirmaslikka yanada katta mas’uliyat bilan yondashib ishlashi lozimligi qayd etildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA