Yerga ishlov berish, ekin ekish, parvarishlash va yig‘im-terim o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilishi bugun ko‘p og‘ir qo‘l mehnatini talab qilmaydi. Boisi jarayonlar to‘liq mexanizatsiya qilinishi uchun keng imkoniyatlar davrida yashayapmiz.
Albatta bularning tizimli amalga oshirilishi uchun avvalo ilm hamda salohiyat muhim. Bu borada yo‘lga qo‘yilgan lizing mexanizmlari qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishda qay darajada samarali moliyaviy vosita sifatida o‘zini oqlamoqda? Shular xususida O‘zbekiston fermerlari kengashi “Fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs ajratish” bo‘limi yetakchi mutaxassisi Fazliddin ҲАМРОЕВнинг fikrlariga qiziqdik.
– Yurtimizda lizing amaliyoti orqali fermerlar katta boshlang‘ich mablag‘ sarflamasdan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, issiqxona majmualari hamda energiya tejovchi texnologiyalarga ega bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini bosqichma-bosqich yangilash imkoniyatiga erishmoqda. Natijada yerga ishlov berish, ekish, parvarish va yig‘im-terim ishlari o‘z vaqtida, sifatli va tizimli ravishda amalga oshirilib, og‘ir qo‘l mehnati keskin kamaymoqda va ish jarayonlari to‘liq mexanizatsiya qilinmoqda. Bu esa mehnat unumdorligi oshishi, mahsulot tannarxi pasayishi hamda hosildorlik va sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, issiqxonalarda mahsulot yetishtirish jarayoni uzluksiz yo‘lga qo‘yilib, mavsumga bog‘liqlik kamaymoqda, bozor mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlanmoqda.
Eng muhimi, lizing orqali joriy etilgan ushbu zamonaviy yondashuvlar fermerlar daromadini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini kuchaytirish hamda qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
2025 yilda lizing asosida amalga oshirilgan loyihalar qishloq xo‘jaligi sohasida muhim iqtisodiy va ijtimoiy samara berdi. Xususan, 3 ta komplekt, ya’ni har biri 300 kVtlik quyosh panellari o‘rnatilib, 9 ta zamonaviy issiqxona hamda 1 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun jami 3 milliard 684 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu lizing loyihalari natijasida issiqxonalar elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanib, quyosh panellari orqali ishlab chiqarish xarajatlari qisqarmoqda. Bu esa fermerlar uchun tannarxni kamaytirish, raqobatbardosh mahsulot yetishtirish imkonini yaratmoqda. Issiqxonalarda yil davomida sabzavot va ko‘kat mahsulotlari yetishtirilib, o‘rtacha har bir issiqxonadan yiliga 20-25 tonnagacha hosil olish imkoniyati yaratilmoqda. Mazkur mahsulotlar ichki bozordagi talabni qondirish bilan birga, eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi texnikasi esa yerga ishlov berish, ekish va parvarish ishlarini to‘liq mexanizatsiya qilib, ish sifatini yaxshilash va mehnat unumdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, lizing ob’ektlariga qishloq xo‘jaligi texnikasi, asbob-uskunalar, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va quritish, sovitish omborxonalari, ishlab chiqarish bino-inshootlari, issiqxona majmualari qurish va tayyor issiqxonalarni tashkil etish uchun imkoniyatlar taqdim etilmoqda. Intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, omixta yem tayyorlash, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash, tomat pasta ishlab chiqarish, mineral o‘g‘itlar tayyorlash hamda o‘simliklarga kimyoviy ishlov berishda ham ko‘maklashilmoqda. Bundan tashqari, qadoqlash va saralash uskunalari bilan ta’minlash, chorvachilik komplekslari barpo etish, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida quyosh panellari hamda artezian quduqlarni burg‘ilovchi texnikalar kabi keng qamrovli yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi.
Lizinglar bir yil imtiyozli davr bilan besh yilgacha muddatga taqdim etilishi tadbirkorlar va fermerlarga o‘z faoliyatini bosqichma-bosqich rivojlantirish imkonini beradi. Natijada aholining bandligi ta’minlanib, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, fermerlar daromadi ortib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mustahkam zamin yaratilmoqda.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.