English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qayta ijaraga berish tizimi takomillashtiriladi
15:24 / 2025-10-02

Joriy yilning 12 sentyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Anvar Umirov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi.

–Ushbu farmonning qabul qilinishi bu islohotlarning bevosita mantiqiy davomi sifatida to‘ldiruvchi mexanizmi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi o‘tgan davrlardagi islohotlarda birinchi navbatda yer uchastkalarini ijaraga berish tizimi va mexanizmlari takomillashtirildi. Bular avval ochiq elektron tanlovlar, undan keyin auksion tartibiga o‘tkazildi va to‘liq bozor mexanizmiga aylanib bordi.  

Farmonning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanishni yo‘lga qo‘yish, bo‘sh turgan yerlarni tezkor hisobga olish va ularni onlayn auksionlar orqali realizatsiya qilish, shuningdek, qayta ijaraga berish tartibini soddalashtirishdan iborat.

Hujjatga muvofiq, barcha tuman va shahar hokimliklari hududida mavjud bo‘sh yerlar 10 kun muddatda davlat yer kadastrida qayd etiladi va yana 10 kun ichida elektron auksion savdolariga chiqariladi. Auksionlardan tushgan mablag‘lar esa hududiy infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va yangi yerlarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.

Farmon bilan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini qismlarga bo‘lib qayta ijaraga berish huquqi joriy etildi. Endilikda ijara huquqi asosida ajratilgan yerlarning bir qismini boshqa shaxsga ijaraga berish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi yerlariga faqat ijara huquqi tan olinishi qat’iy belgilandi.

Mazkur yerlar egalari va foydalanuvchilariga yer uchastkalariga bo‘lgan egalik qilish va foydalanish huquqlarini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarori asosida ijara huquqiga o‘zgartirish imkoniyati beriladi.  

Ijara muddati O‘zbekiston fuqarolari va ularning tashkil etgan korxonalari uchun 30 yil, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar uchun esa 25 yil etib belgilandi.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA