Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 24 martdagi "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilab qo‘yildi.
Mazkur farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish bo‘yicha ochiq elektron tanlov natijalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlash tartibi bekor qilindi. Ma’lumki, eski tartibga ko‘ra, ijara shartnomasi tuzilmasdan avval hokim qarori qabul qilinishi kerak edi.
Shuningdek, dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda 2022 yil 1 martdan keyin xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga alohida ustuvorlik berilishi belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yerlar sabzavot-polizchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik uchun – kamida 3 gektar, chorva ozuqa ekinlari uchun 1 bosh chorvaga sug‘oriladigan yerda – kamida 0,3 gektar, lalmi yerda kamida 1 gektar, yaylov va pichanzorlarda – kamida 2 gektar, paxta va g‘allachilik uchun – kamida 30 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik uchun – kamida 10 gektar va sun’iy suv havzalarida baliq yetishtirishga – kamida 0,01 gektar hajmlarda ijaraga beriladi.
O‘zA