Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligiga bugungi e’tibor - ertangi mo‘l hosil garovi
10:34 / 2024-03-25

FOTOREPORTAJ

Namangan viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ishchi guruhi Pop tumanida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan bahorgi yumushlar, chigit ekishga tayyorgarlik, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, g‘alla parvarishini samarali tashkil etishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Dastlab ishchi guruh «Sirdaryo» MMTP hududidagi fermer xo‘jaliklari dala maydonlarida bo‘ldi. Ayni paytda g‘alla maydonlari gektariga 200 kilogramm ammofos va 300 kilogrammdan karbamid bilan oziqlantirilmoqda. 

O‘rganishlar davomida «Roxatali Toshmatov» fermer xo‘jaligida tik quduq qazish ishlari bilan tanishildi. Sug‘orishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi. 

[gallery-16580]

Dehqon rizq-ro‘z, hosil yaratuvchisi. Asl dehqon uchun bo‘sh vaqtning o‘zi bo‘lmaydi. Ayni kunlarda Pop tumanidagi barcha fermer xo‘jaliklarida g‘alla parvarishi e’tiborda. 

Ishchi guruh tumandagi Navbahor, Xudoyberganov hamda Sirdaryo MMTPlar hududidagi fermer xo‘jaliklari g‘alla maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni ko‘zdan kechirdi. 

Jarayon davomida viloyat hokimi o‘rinbosari A. Hakimov fermerlar hamda soha mutaxassislari bilan suhbatlashdi, g‘alla parvarishini kuchaytirish, bunda mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirish, shu bilan birgalikda chigit ekish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va tavsiyalar berdi.

Hozirda tuman bo‘ylab barcha sektorlarda hududiy shtablar tashkil etilgan bo‘lib, 19 ta otryad tomonidan yer tayyorlash, ekish ishlari bajarilmoqda.

Ta’kidlash kerak, tumanda 2024-yil hosili uchun 9,915 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, ishchi guruh tumanning Chortoq mahallasida aholi xonadonlarida tomorqadan foydalanish holatini o‘rgandi. Hududda tuman hokimligi tomonidan 16 nafar fuqaroga issiqxona kompleksi bo‘yicha 20 sotixdan jami 4 gektar yer maydoni ajratib berilgan. 

Akramjon Usmonov ana shunday issiqxonada limonchilikni yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, pomidor, bodring, kartoshka, sarimsoqpiyoz yetishtirib, ichki bozorga chiqarmoqda. Har yili 50-60 million so‘m sof daromad oladi. 5 nafar mahalladoshini doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlagan. 

Viloyat hokimligi ishchi guruhi mazkur issiqxonada bo‘lib, omilkor dehqonning tajribasini ommalashtirish lozimligini ta’kidladi. 

 

Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA