Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangicha yondashuvlar fermer xo‘jaliklarining faoliyatiga bevosita ta’sir qilishi shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ushbu sohada uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Mazkur hujjatda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Strategiya doirasida fermer va dehqon xo‘jaliklarining huquqiy, iqtisodiy hamda texnik imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
Xorazm viloyatida joriy yilda deyarli barcha fermer xo‘jaliklari paxtadan yuqori hosil olishga erishdi. Viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik gektariga 45–48 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, ayrim xo‘jaliklarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘ldi.
Shulardan biri — Bog‘ot tumanidagi «Ahmadjon Ollayorov» fermer xo‘jaligidir. Mazkur fermer xo‘jaligi 2007 yilda tashkil etilgan. Yillar davomida to‘plangan tajriba, mamlakatimizdagi sohaga bo‘lgan e’tibor, ilmiy-innovatsion yondashuvlar hamda zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi natijasida xo‘jalik barqaror rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi.
Hozirda fermer xo‘jaligimiz 100 gektardan ortiq yer maydonida dehqonchilik bilan shug‘ullanib, yil sayin g‘alla va paxtadan yuqori hosildorlikka erishib kelmoqda. 2024 yilda paxtadan gektariga 54 sentner hosil olingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 70 sentnerdan oshib, 49 gektar paxta maydonidan jami 295 tonna hosil yig‘ib olindi.
– Haqiqatan, joriy yil nafaqat biz, balki boshqa fermerlarning ham paxtachilikdan ko‘ngli to‘ldi, – deydi fermer Sarvar Ollayorov. – Xarajatlar bir necha barobar qoplandi. Biz yangi texnologiyalarni joriy etmoqdamiz, davlatimiz tomonidan subsidiya va imtiyozlar yaratilyapti. Jahon bozorida tola narxi tushgan paytda ham davlatimiz rahbari tonnasiga bir million so‘mdan subsidiya ajratib, oxirgi misqol paxtani ham terib topshirish imkonini berdi. Xo‘jaligimizda paxta va g‘alladan urug‘ tayyorlaymiz. Maqsadimiz fermerlarga arzon va sifatli urug‘ yetkazib berishdir.
Fermer xo‘jaligi bugungi kunda iqtisodiy jihatdan baquvvat xo‘jaliklardan biri hisoblanadi. Texnika parki zamonaviy haydov traktorlari, Zamonaviy seyalkalar, don o‘rib-yig‘ish va paxta terish kombaynlari, ekskovator hamda boshqa qishloq xo‘jaligi agregatlari bilan jihozlangan. Jami 36 ta texnika mavjud. Xo‘jalikda 100 nafar ishchi mehnat qilsa, ularning 30 nafari doimiy xodimlardir.
O‘tgan yili xo‘jalik Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy paxta terish mashinasini lizing asosida sotib oldi. Bu esa terim mavsumida ish samaradorligini oshirib, qo‘l mehnatiga ketadigan mablag‘larni sezilarli darajada tejash imkonini berdi.
Xo‘jalik xorij urug‘lari bilan raqobatlasha oladigan mahalliy urug‘ yetishtirish maqsadida bu yil 45 tonna urug‘lik chigit tayyorlashni rejalashtirgan.
Dala atroflari begona o‘tlardan tozalangan, daraxt ko‘chatlari ekilib, oqlangan. Hududdan oqib o‘tuvchi zovur suvidan samarali foydalanib, 200–300 ta o‘rdak boqiladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va qishloq aholisining daromadini ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA