Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov Rossiya Federatsiyasining Chuvashiya Respublikasining “Slava kartofelyu” agrofirmasi general direktori Xasiyatulla Idiatullin, “Chebo milk” sutni qayta ishlash korxonasi direktori Yelena Mefodeva hamda “Luk Agro” kompaniyasi rahbari Leonid Kuznetsov va boshqa ishbilarmon vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Mehmonlar viloyatda agrokompleksga daxldor korxonalar, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Shuningdek, talab va ehtiyoj yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, kartoshka, piyoz va boshqa mahsulotlar urug‘chiligi, navlar, shuningdek, qoramol parvarishida naslchilikdagi yutuqlar, sut mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish borasidagi tajriba o‘rganilmoqda.

Muloqotda mahalliy iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi sabzavot, poliz mahsulotlaridan yuqori hosil olishning xorijiy ilg‘or texnologiyalarini puxta o‘zlashtirish, xususan, rossiyalik olimlar tomonidan yaratilgan kartoshka, piyoz va boshqa mahsulotlar yangi navlarini Buxoro sharoitida rayonlashtirish va yilda kamida uch marta hosil yetishtirib, yuqori hosildorlikka erishish masalalariga e’tibor qaratildi. Chorva naslchiligida esa xorijiy mutaxassislar viloyatning ilg‘or tajribalari, ilg‘or innovatsion texnologiyalar joriy qilinayotgan fermalar faoliyatiga katta qiziqish bildirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.