Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligidagi eskicha tartiblar bekor qilinadi, klasterlarga yengillik beriladi
18:19 / 2021-10-27

Davlatimiz rahbari ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida klasterlar tomonidan xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratish orqali qishloq xo‘jaligida samaradorlikni keskin oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bermoqda.

Saylovoldi uchrashuvlarida joylardagi fermer va dehqonlar hamda klaster rahbarlari o‘zlarni qiynab kelayotgan ko‘plab dolzarb muammolarni ko‘targani ta’kidlandi. Shuningdek, klaster rahbarlari va fermerlardan yozma ravishda ko‘plab takliflar kelib tushgan.

Ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha eng dolzarb 30 dan ziyod muammo tizimlashtirilib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Yig‘ilishda ushbu takliflar muhokama qilinmoqda.

Prezident eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi ayni paytda klaster tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarga mutlaqo javob bermayotganini qayd etdi.

Masalan, hozir klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa kamida 24 oy kerak. Yerni ekishga tayyorlash ishlari oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirilib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi.

Prezident bu eskirgan tizim to‘liq o‘zgartirilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi.

Bundan buyon klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.

Paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar faqat klasterlar orqali moliyalashtiriladi.

Endi Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘ hosil yetishtirishning amaldagi 60 foizidan 80 foizigacha oshiriladi.

Shuningdek, yakuniy hisob-kitob uchun, klaster oladigan kredit foizining Markaziy bank stavkasidan oshadigan qismiga byudjetdan kompensatsiya ajratiladi. Lo‘nda qilib aytganda, klaster olgan kreditini, xomashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytaradi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni joriy etishga byudjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltirilishini ta’kidladi. Shuning uchun, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi.

O‘zA