Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ayniqsa, tomorqachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” MCHJ tomonidan Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Farg‘ona viloyatlari tuman fermerlari kengashi raislari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.
Ushbu kurslar fermerlar faoliyatini tizimli tashkil etish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy qilish, shuningdek, rahbar kadrlarning huquqiy va boshqaruv bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan. Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarga, balki amaliy tajribalarga ham ega bo‘lmoqda.

Kurslar davomida qishloq xo‘jaligida joriy etilayotgan yangiliklar, innovatsion yechimlar, intensiv dehqonchilik usullari, suv tejamkor texnologiyalar, yuqori hosil beradigan urug‘ navlari va ko‘chatlardan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, tomorqalardan samarali foydalanish orqali aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, kurslar doirasida fermerlar kengashi raislarining huquq va majburiyatlari, ularning mahalliy hokimiyat organlari, bank muassasalari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorligi masalalari ham keng yoritilmoqda. Amaldagi qonunchilik hujjatlari, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Malaka oshirish kurslarining muhim jihatlaridan biri – rahbarlik va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishdir. Tuman fermerlari kengashi raislari o‘z hududidagi fermerlar faoliyatini muvofiqlashtirish, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga yechim topishda yetakchi bo‘lishi lozim. Shu bois kurslarda strategik rejalashtirish, tahlil qilish, qaror qabul qilish hamda aholi bilan muloqot olib borish madaniyati bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish jarayonlari, elektron platformalar orqali hisob-kitob yuritish, subsidiya va kreditlardan foydalanish tartiblari haqida berilgan ma’lumotlar ishtirokchilar uchun katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa o‘z navbatida sohada shaffoflikni ta’minlash va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Kurslar davomida hududlar kesimida mavjud muammolar, iqlim sharoiti va resurslardan kelib chiqqan holda yechimlar ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Turli viloyatlardan kelgan rahbarlar o‘zaro tajriba almashib, ilg‘or ish uslublarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi”da tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari tuman fermerlari kengashi raislarining bilim va salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni samarali amalga oshirish hamda tomorqachilikni rivojlantirish orqali aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday o‘quv kurslari kelgusida ham tizimli ravishda davom ettirilishi va sohada barqaror o‘sishni ta’minlashi shubhasiz.
Ma’rufjon O‘rozov,
O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi
Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bosh mutaxassisi.
O‘zA