Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida yangi bosqich: yer, ilm-fan va inson manfaatlari uyg‘unligi
16:06 / 2026-02-10

Munosabat

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va sohada ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan muhim takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu yig‘ilish mamlakat qishloq xo‘jaligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda aholi bandligi va daromadlarini oshirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida 826,5 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi foydalanishiga kiritilgan. Shu jumladan, 409 ming gektar sug‘oriladigan yerlar o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 418 ming gektar lalmi va yaylov yerlarda yer osti suvlaridan foydalanish hamda kam suv talab qiladigan ekinlarni joylashtirish orqali samarali foydalanishga erishildi.

Bu ko‘rsatkichlar qishloq aholisi uchun eng avvalo ish o‘rinlari, barqaror daromad manbai va hayot sifatining yaxshilanishi demakdir. Sababi, yer o‘zlashtirilgan hududlarda fermer xo‘jaliklari, dehqonlar va chorvadorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shu bilan birga, taqdimotda 2030 yilgacha 938 ming gektar yaylovlarni o‘zlashtirish va holatini yaxshilash rejalari taqdim etildi. Birgina, 2026–2027 yillarda 620 ming gektar yaylovlarni tiklash, shuning 300 ming gektarida yaylov o‘simliklari ekish va 130 ming gektarida quduqlar o‘rnatish rejasi chorvachilik sohasida katta salohiyatni ochib beradi.

Buning natijasida 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish imkoniyati yaratilib, go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmi oshadi. Bu esa bozorlarda mahsulot narxining barqarorlashuvi, aholining sifatli oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda qishloq joylarda daromad manbalarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Prezident tomonidan yangi yerlarni o‘zlashtirishda har bir hudud bo‘yicha aniq investor va loyiha asosida ish tashkil etish zarurligi qayd etildi. Bu talab mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish, samaradorlik va natijadorlikni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish vaqti kelgani alohida ta’kidlandi. Shu maqsadda sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya va 2,5 mingdan ortiq olim hamda ilmiy xodimlarni yagona tuzilma – Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirish taklifi ilgari surildi.

Bu qaror ilm-fan salohiyatini markazlashtirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tez joriy etish va fermerlar uchun amaliy natija beruvchi texnologiyalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida biotexnologiya, gen injeneriyasi, gibrid urug‘chilik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, dron va kosmik texnologiyalar, tuproq sog‘lomligi, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi belgilangani bu sohaning kelajagi innovatsiyalar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Umuman olganda yuqoridagi islohotlar sabab kam xarajat bilan yuqori hosil, sifatli mahsulot olish, suv va yer resurslarining tejalishi hamda ekologik toza oziq-ovqat yetishtirishga erishish mumkin.

Taqdimotdagi eng muhim va barcha yurdoshlarimiz ko‘nglidan birdek joy olgan yana bir tashabbus bu – fermerlar farzandlari uchun oliy ta’limga o‘qishga kirishda yengilliklar yaratilib, o‘qish muddatining qisqartirilishi bo‘ldi. Ushbu tashabbus qishloq joylarda fermerlik sohasiga qiziqqan minglab yoshlar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochib beradi.

Qolaversa, yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar “Adolat” SDP Saylovoldi dasturidagi tashabbuslarga hamohangligi bilan ham yanada ahamiyatlidir. Partiyaning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan dasturida qishloq xo‘jaligini jadal innovatsion rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ilmiy asosda tashkil etish, fan va amaliyotning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash O‘zbekistonning agrar sohadagi ulkan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish hamda kambag‘allik muammolarini hal etishda ijobiy natijalar berishi belgilangan. 

Xulosa qilib aytganda, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar qishloq xo‘jaligini kompleks rivojlantirish, yer va ilm-fan uyg‘unligi, inson manfaatlarini ustuvor qo‘yishga qaratilgani bilan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ilgari surilgan tashabbuslar fermer, chorvador, talaba va oddiy qishloq aholisi hayotida ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratib, barqaror rivojlanishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Muharram DADAXO‘JAEVA,

“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.

O‘zA