Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida xalqaro tajriba va bilim almashinuvi rivojlantirilmoqda
10:31 / 2026-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2025 yil 10 dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro tajriba va bilim almashinuvini kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish hamda fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlarining kasbiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu doirada paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishayotgan ilg‘or fermerlar uchun xorijda o‘quv-amaliy dasturlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi o‘rinbosari, Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori T. Sattarov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Pekin shahrida o‘tkazilayotgan “Yangi yil — tashqi bozorlarga yangi chiqish” mavzusidagi xalqaro qishloq xo‘jaligi konferensiyasida ishtirok etmoqda. Shuningdek, fermerlar uchun o‘quv seminarlari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilgan bo‘lib, ular Xitoyning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or tajribalari, zamonaviy texnologiyalari va innovatsion yechimlari bilan tanishmoqda.

Shu bilan birga, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi hamda qator yetakchi qishloq xo‘jaligi kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, sohada ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Mazkur tashrif fermer xo‘jaliklari rahbarlarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zA