FOTOREPORTAJ
Nukusda Jahon banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Germaniya taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan kredit mablag‘larining ajratilishi tartibi, ularning afzalliklariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi faoliyati tahlil etildi.
Ta’kidlanganidek, markazning asosiy vazifalari oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish, respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda modernizatsiya qilish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalariga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishdan iborat. Shuningdek, markaz yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, investitsiya jarayonlarini jadallashtirish va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit va grantlarini faol jalb qilish, joylarda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda.
[gallery-24022]
Markaz tomonidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan hamkorlikda 6 ta loyiha uchun 571 million 573 ming AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Shundan 453 million 340 ming AQSH dollari o‘zlashtirilgan.
2019-2025 yillar mobaynida jami 50 mingdan ortiq ishchi o‘rni yaratildi. Ayni kunda tijorat banklari va lizing kompaniyasida 118 million 163 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ mavjud. Ushbu mablag‘lar mamlakatimizdagi 12 ta bank, xususan, “Qishloqqurilishbank”, “Turon bank”, “Milliy bank”, “Ipoteka bank”, “Asaka bank,” “O‘zsanoatqurilishbank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Ipak yo‘li bank,” “Aloqa bank”, “Hamkor bank” orqali tashabbuskor va talabgorlarga kredit hamda grantlar asosida yetkazib berilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari xalqaro moliya tashkilotlarining kredit mablag‘larining ajratilishi tartibi bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA