O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom;
Mustaqil ekspertlar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Sug‘urta qilish bosqichma-bosqich joriy etiladigan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari va mahsulotlari ro‘yxati;
Yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi) xavflari bo‘yicha sug‘urta qilish bosqichlari;
“Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan axborot tizimlari ro‘yxati;
Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasining boshqaruv kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Jamg‘arma tomonidan sug‘urtalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda qishloq xo‘jaligi ekinlarining kasalliklari va zararkunandalariga qarshi tizimli kurash olib boriladi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘riladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan maqsadli foydalanish hamda o‘z vaqtida sifatli ekish va parvarishlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan doimiy nazorat hamda monitoring ishlari olib boriladi.
Veterinariya sohasi hamda chorvachilikning barcha tarmoqlari, shu jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, echkichilik, yilqichilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilik yo‘nalishlarida hayvonlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish choralari ko‘riladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish jarayonlari sun’iy yo‘ldosh va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) yordamida kosmik monitoring qilib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish mexanizmini samarali tashkil etish to‘g‘risida” 2025 yil 21 noyabrdagi PF-223-son Farmoniga ko‘ra:
qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarini turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va zararning o‘rnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qishloq xo‘jaligi sug‘urtalovchisi sifatida Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etish;
Jamg‘arma sug‘urtalovchi vazifasini ushbu Qonunda belgilangan tartibda litsenziyasiz amalga oshirishi, bunda ushbu qoida Jamg‘armani sug‘urta (qayta sug‘urta) faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaslik;
Jamg‘arma notijorat tashkiloti bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga asosan faoliyat ko‘rsatishi;
Jamg‘armaning yuqori boshqaruv organi Jamg‘armaning boshqaruv kengashi hisoblanib, uning faoliyatiga umumiy rahbarlik qilishi belgilangan edi.
O‘zA