Bugungi kunda Quva tumanida joylashgan “Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va ilmiy-amaliy faoliyatni kengaytirishda eng ilg‘or markazlardan biriga aylandi.
Markaz Akademik M.Mirzayev nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining Farg‘ona stansiyasidagi 395 gektar yer maydonida faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazni rivojlantirish uchun O‘zbekiston Fermerlar kengashi huzuridagi Jamg‘armadan 6,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 168,8 gektar samarasiz bog‘lar intensiv bog‘larga aylantirildi.
Markaz huzurida zamonaviy “In vitro” laboratoriyasi tashkil qilinib, unda mevali, manzarali daraxtlar, limon, gullar va dorivor o‘simliklar ko‘chatlari laboratoriya sharoitida yetishtirilmoqda. Hozirda ushbu laboratoriya yiliga 150 mingdan ortiq ko‘chat yetishtirish quvvatiga ega. Markazda 320 xil mevali, 160 xil manzarali, 120 xil atirgul va 70 xil turdagi dorivor o‘simliklar mavjud bo‘lib, so‘nggi yillarda 3,6 million donadan ortiq ko‘chatlar aholi va fermerlarga yetkazib berildi.
Xitoy va Koreya davlatlari tajribasi asosida markazda zamonaviy issiqxonalar, “qishki bog‘”, 500 tonnalik sovutish omborxonasi va Quvasoy shahrida 15 gektarlik tomchilab sug‘orish tizimiga asoslangan intensiv bog‘ tashkil etildi.
Yaqinda Germaniyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi yetakchi olimlari va mutaxassislaridan iborat delegatsiya markazga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida “In vitro” laboratoriyasi, qishki bog‘, intensiv ko‘chat yetishtirish tizimlari bilan tanishuv tashkil etildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ikki tomon doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shu kuni Germaniyalik mehmonlar Farg‘ona shahridagi “Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan texnikum”da ham bo‘lib, o‘quv-laboratoriya sharoitlari, ta’lim jarayonlari bilan tanishishdi va o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan kelishib olishdi.
Markaz Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali, Farg‘ona davlat universiteti, Rossiyaning “Shimoliy Kavkaz Federal bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy markazi” hamda Germaniyaning qishloq xo‘jaligi ilmiy muassasalari bilan ilmiy va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Shu asosda, serhosil, bozorbor ko‘chatlarni yetishtirish, tomorqa yer egalarini o‘qitish va qayta tayyorlash, sohadagi innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
2019–2024 yillar davomida markazdagi amaliy o‘quv kurslarida 27 219 nafar tinglovchi (dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik, urug‘chilik, gulchilik kabi yo‘nalishlarda) muvaffaqiyatli ta’lim oldi.
Markaz qisqa vaqtda 15,4 milliard so‘m daromad va 3,4 milliard so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu ko‘rsatkichlar markazning iqtisodiy barqarorligi va bozor ehtiyojlariga mos mahsulot yetishtirishdagi samaradorligini ko‘rsatadi.
Faoliyat doirasida markaz “Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan texnikum” bilan hamkorlikda fermer xo‘jaliklari rahbar xodimlari va yosh agromutaxassislar uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil qilmoqda. Texnikum moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xorijiy mutaxassislar ishtirokida ta’limni tashkil etish maqsadida 5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Qisqa qilib aytganda, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ilm-fan bilan ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirishda Quva tumanidagi “Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi” milliy hamda xalqaro darajada yetuk tajriba maydoniga aylandi. Ushbu markaz faoliyati Germaniya, Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar bilan amaliy hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or yechimlar samarasini namoyon etmoqda.
Shu bois ham qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda zamonaviy yechimlar, innovatsiya va xalqaro tajribaning muvaffaqiyatli uyg‘unligi – Quva tajribasining o‘ziga xos jihatlaridandir.
Xursanoy Islamova,
Innovasiyalar, tejamkor texnologiyalarni
rivojlantirish va ilm-fan, fermer xo‘jaligi
rahbarlarining malakasini oshirish bo‘limi boshlig‘i