Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishda islohotlar ahamiyati
15:58 / 2025-11-10

Bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash — dunyo miqyosida eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Shu bois mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yetishtirilayotgan mahsulot hajmini oshirish va agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar dehqon hamda fermerlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Jumladan, 2025 yil 19 martdagi tegishli farmonga muvofiq, fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblangan penyalar hisobdan chiqarildi, ijro ishlari to‘xtatildi. Shuningdek, 2025 yil 28 martdagi qarorga asosan, paxtadan gektariga 50 sentner, g‘alladan 80 sentnerdan yuqori hosil olgan fermerlarga bir qator imtiyozlar joriy etildi.

Xususan, ijaraga olingan yerlarning 25 foiz qismiga almashlab ekish huquqi berildi. Bunda chorva ozuqasi, sabzavot, moyli ekinlar yetishtirishda yer solig‘i bo‘yicha bazaviy stavka 3 barobargacha kamaytirilishi mumkin. Prezidentimizning 2025 yil 8 apreldagi qarori bilan yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan xo‘jaliklarga o‘z yerlarining 1 foiziga (20 sotixdan oshmagan holda) muzlatkichli omborxona, qayta ishlash, qadoqlash va suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatishga ruxsat berildi.

— «Erta ekkan — erta o‘radi» degan bobodehqonlar naqlini unutmadik. Aprel oyidagi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, chigitni erta yerga qadash orqali yuqori hosilga zamin yaratdik, — deydi Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi «Xorazm faxri» fermer xo‘jaligi rahbari O.Qurbonov. – Joriy mavsumda, ya’ni paxtadan yuqori hosil olish uchun aprel may oylarida e’lon qilingan «Dolzarb bir oylik»da fermer xo‘jaligimiz 95,7 gektar maydonda mahalliy chigit, 13,9 gektarda esa Xitoy navlarini ekishni tashkil qildi. G‘o‘za maydonlarining har gektariga 300 kg azotli, 200 kg kaliy va 400 kg fosforli o‘g‘itlar solindi. Shu bilan birga, fermer maydon chetlariga sabzavot, poliz va moyli ekinlar, shu jumladan kungaboqar va makkajo‘xori ekib, yerdan unumli foydalanish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Paxta dalasiga zararkunandalar kirib kelmasligi uchun ularga qarshi biologik usullar ham qo‘llanildi. Buning uchun gektariga 1000 dona me’yorda «oltinko‘z» biomahsuloti tarqatildi, dala begona o‘tlardan tozalandi, oltingugurt va ISO qaynatmalari bilan profilaktik ishlov berildi. 

Samarali agrotexnika va mehnat natijasida fermer xo‘jaligi bu yilgi mavsumda paxtaning mahalliy navlaridan gektariga 45 sentner, xorijiy navlaridan esa 75 sentner hosil olindi. 

– Xudo xohlasa, bu yil faqat paxta mahsulotidan bir milliard so‘mdan ortiq daromad olishni rejalashtirganmiz, — deya ta’kidlaydi O.Qurbonov.

Xorazmlik fermerning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, yerga mehr bilan yondashish va innovatsion agrotexnika usullarini qo‘llash orqali har qanday qiyin sharoitda ham yuqori natijaga erishish mumkin.

M.Hojiakbarova, O‘zA