FOTOREPORTAJ
Qarshi shahrida “Zamin” xalqaro jamoat fondi, M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiyaning “Terra Tech” AJ, “Limatek” MCHJ, “Flyseeagro” kompaniyalar guruhi, “Transutilization” MCHJ hamkorligida “Qishloq xo‘jaligida resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha texnologik yechim” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.
Seminarda suv, energiya va tuproq resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan innovatsion texnologiyalar muhokama qilindi. Rossiyalik professor-olimlarning kosmik tasvirlarni tahlil qilish, suv resurslarini optimallashtirish, makkajo‘xori va kartoshka yetishtirishda suvni tejash, sholi va tarvuz yetishtirish, suv omborlarini tiklash, entomofaglar yordamida o‘simliklarni himoya qilish hamda organik chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.
Tadbir davomida erishilgan kelishuvlar va ilgari surilgan takliflar asosida qishloq xo‘jaligida resurs tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishildi.
[gallery-22256]
Yakunda ishtirokchilar xalqaro seminarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Bunday seminarlarni kelgusida ham o‘tkazib turishga kelishib olindi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA