Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida raqamli islohot: 6 trillion so‘mlik elektron xarid amalga oshirildi
16:00 / 2025-11-06

Ma’lumki, 2024 yil 1 dekabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari, 2025 yil 1 martdan esa eksportyorlar jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olganda xarid qilish dalolatnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Bu yangilik bozor talablarini aniqroq baholash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining realizatsiya hajmini tizimli tahlil qilish hamda hisobotlarda aniqlikni ta’minlash imkonini yaratdi.

Eng muhimi — xarid qilish dalolatnomasini shakllantirishda sotuvchi jismoniy shaxsning JSHSHIR raqamini ko‘rsatish talab etilmaydi. Bu tadbirkorlar uchun jarayonni ancha soddalashtiradi va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytiradi.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, 425 ta umumiy ovqatlanish korxonasi jismoniy shaxslardan 190 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotini 199 mlrd. so‘mga sotib olgan.

Shuningdek, 389 ta eksportyor tashkilotlar 108 turdagi mahsulotni 5,8 trln. so‘mdan ortiq miqdorda xarid qilgan.

Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan mol go‘shti — 626 tonna (69,8 mlrd. so‘m), qo‘y go‘shti — 185 tonna (24,3 mlrd. so‘m), guruch — 471 tonna (10,4 mlrd. so‘m), pomidor — 670 tonna (9,2 mlrd. so‘m) xarid qilgan.

Eksportyorlar tomonidan uzum — 71 ming tonna (902,9 mlrd. so‘m), shaftoli — 53,7 ming tonna (665,9 mlrd. so‘m), gilos — 23,1 ming tonna (587,7 mlrd. so‘m), quritilgan mevalar — 31 ming tonna (566,3 mlrd. so‘m) xarid qilingan.

Elektron xarid qilish dalolatnomalarining joriy etilishi hujjat aylanmasini soddalashtirdi, operatsiyalarning oshkoraligini ta’minladi. Bu mexanizm tadbirkorlik sub’ektlarining daromadlarini legallashtirish, ochiq va raqobatbardosh bozorni shakllantirish hamda agrar sohada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA