French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida qurg‘oqchilikka qarshi kosmik texnologiyalar (+video)
17:48 / 2025-12-16

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayib borishi va qurg‘oqchilik holatlarining tez-tez kuzatilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston uchun dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga tayangan sharoitda qurg‘oqchilikning salbiy ta’siri oziq-ovqat xavfsizligi, aholi turmush darajasi hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda.  

Shu bois qurg‘oqchilikni o‘z vaqtida aniqlash, baholash va boshqarishda ilg‘or va innovatsion yondashuvlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda “O‘zbekkosmos” agentligi BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi qurg‘oqchiligi ko‘rsatkichlarini shakllantirish uchun samarali monitoringni yuritish” loyihasiga start bergan edi.

Bu loyiha masofaviy zondlash texnologiyalari, ilg‘or geoaxborot tizimi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarishning barqaror usullariga ko‘maklashib, ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishni yaxshilashga imkon yaratadi.

Ushbu loyihada ko‘zda tutilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligida xalqaro trening tashkil etildi.

Treningda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan soha mutaxassislari, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qishloq xo‘jaligi iqtisodiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligining muhim tarkibiy qismi. Ushbu mamlakatlar asosan qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga tayanadi. Ammo iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi tufayli so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan qurg‘oqchiliklar qishloq xo‘jaligi hosildorligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan qishloq joylarida hosilning jiddiy yo‘qotilishiga, oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keldi.  

Ushbu muammolarni hal etish, qishloq xo‘jaligi sohasida asosli qarorlar qabul qilish va barqarorlikni mustahkamlash uchun qurg‘oqchilikni o‘z vaqtida hamda samarali monitoring qilish va boshqarish tizimlarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida ESKATO mintaqaviy qurg‘oqchilik mexanizmi va uning mintaqaviy xizmat ko‘rsatuvchi agentlari, ya’ni Xitoy, Hindiston va Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, milliy hamkorlar orqali mavjud bo‘lgan mintaqaviy tajribadan foydalanib, qurg‘oqchilik bo‘yicha tezkor monitoring tizimi va ekinlarni bulutli asosda monitoring qilish tizimi ishlab chiqiladi.

Trening yakunlariga ko‘ra, qurg‘oqchilik va qishloq xo‘jaligi monitoringi tizimlarini mustahkamlash uchun yerni kuzatish va geofazoviy texnologiyalarni qo‘llash yuzasidan amaliy qadamlarni o‘z ichiga olgan mamlakatlar bo‘yicha yo‘l xaritalari takomillashtiriladi va milliy sharoitlarga moslashtiriladi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2IoYkva_IEE" title="Qishloq xo‘jaligida qurg‘oqchilikka qarshi kosmik texnologiyalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova,

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA