Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha daromad va barqarorlik manbai
16:02 / 2026-01-05

Xalqimizda “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan” degan maqol bor. Bu bejiz aytilmagan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, kuzda ekilib, qor ostida saqlangan sabzavot urug‘lari erta bahorda barvaqt unib chiqadi va tez rivojlanishi hisobiga hosilni erta berishi mumkin.

Sirdaryolik bobo dehqonlar o‘tgan yili g‘alla va paxtadan bo‘shagan 5 184 gektar maydonning bir qismiga avgust–sentyabr oylarida 1 050 gektar piyoz va sarimsoqpiyoz, 4 135 gektar maydonga esa noyabr–dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida sabzi, karam, ko‘kat va boshqa sabzavotlar ekishdi. Bu ekinlar nafaqat fermerlarga qo‘shimcha daromad keltirish, balki yerdan maksimal samara olish va aholini yil davomida mahsulot bilan ta’minlash imkonini beradi.

–  O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, bog‘lar va tokzorlar qator orasiga daromad keltiradigan maqbul ekinlar ekish belgilangan, –  deydi Sirdaryo viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Ergashev. –  Shu bois fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida mavjud 1 815 gektar mevali bog‘ va tokzor qatorlariga ham to‘qsonbosti ekinlari joylashtirildi.

Ekin ekish jarayonida hududlarning tuproq va iqlim sharoiti hisobga olingan, shuningdek, eksportbop sabzavot ekinlari — sabzi, piyoz, karam va ko‘katlarning maxsus navlari asosan tanlandi. Bu esa mahalliy bozorda mahsulot oqimini uzluksiz saqlash va eksport hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

O‘tgan  yilning  avgust-sentyabr, noyabr-dekabr oylarida  1 330 gektar yerga piyoz, 364 gektar yerga sabzi, 94 gektar yerga  osh lavlagi, 1 245 gektar yerga  ko‘kat, 156 gektar yerga  karam va 42 gektar yerga sedana ekilgan.

Boyovut tumanidagi 3-Boyovut suv iste’molchilari uyushmasi raisi va “Sanjarbek Jo‘rayev” fermer xo‘jaligi rahbari Namoz Jo‘rayevning ta’kidlashicha, asosiy ekinlar yig‘ib olingach, yerni bo‘sh qoldirmasdan tez pishar sabzavotlar ekish orqali qish mavsumida ham qo‘shimcha daromad hosil qilish mumkin. Bu usul suvdan tejamkorlik bilan foydalanish va aholi talabini yil davomida barqaror ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirda zamonaviy agrotexnologiyalar va samarali sug‘orish usullari qo‘llanilishi tufayli, to‘qsonbosti ekinlaridan olinayotgan hosil sifati va iqtisodiy samara yildan yilga oshib bormoqda. Shu tariqa, Sirdaryoda to‘qsonbosti usuli nafaqat qo‘shimcha hosil manbai, balki qishloq xo‘jaligida barqarorlik va samaradorlikni ta’minlovchi muhim mexanizmga aylanmoqda.

Yurt ertasi dehqon kuchi va yer barakasidan boshlanadi va Sirdaryo fermerlari bu usul orqali nafaqat o‘z daromadini oshirmoqda, balki hududdagi barqaror oziq-ovqat ta’minotini ham kafolatlamoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri