Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) Administratorining o‘rinbosari, Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovichni qabul qildi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasi, ayniqsa, iqlim o‘zgarishiga moslashuv va unga qarshi kurashish borasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Suhbat chog‘ida iqlim o‘zgarishining global miqyosdagi salbiy ta’siri, suv resurslarining qisqarishi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan omillar xususida fikr almashildi.
Vazir o‘z navbatida bugungi murakkab iqlim sharoitida aholini sifatli, xavfsiz va barqaror oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uchrashuv doirasida olib borilgan muloqot esa bu boradagi sa’y-harakatlarga yangi sur’at baxsh etib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish va mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi loyihalar ustida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi uchrashuvlar nafaqat O‘zbekiston va BMTTD o‘rtasidagi strategik aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot, iqlimga moslashuv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA