Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida joriy yilgi ekin mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirish, agrar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyati tuman va shahar qishloq xo‘jaligi mas’ullari, klasterlar rahbarlari, fermer va dehqonlar uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Oqqo‘rg‘on tumani hokimligida tashkil etilgan tadbirda dastlab vazir qishloq xo‘jaligida 2025 yil uchun ustuvor vazifalar belgilanganligi va ularni amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida taqdimot qildi.

Ta’kidlanganidek, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy dehqonchilik uslubini zamonaviy ilmiy qarashlar va ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan holda hosildorlikda yuqori natijalarga erishish mumkin. Bunda hudud ob-havo, tuproq, suv imkoniyatlariga alohida yondashish darkor. Taqdimotda joriy yil 875,5 ming gektarga paxta ekish ko‘zda tutilgani, mana shu yerlardan yuqori hosil olish uchun esa zamonaviy yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali mehnat qilish bugungi davr taqozosi ekanligiga urg‘u berildi.
Albatta, paxtachilikda yuqori samaraga erishish bugun mana shunday qator omillarga bog‘liq. Xususan, urug‘larni 76/10 sxemada plyonka ostiga ekish va ularni tomchilatib sug‘orish orqali mahsulot yetishtirish ayni muddao. Shuningdek, vazir taqdimot chog‘ida paxtachilikda serhosil g‘o‘za navlarini yetishtirish, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini boshqarish hamda yuqori samarador mahalliy intensiv agrotexnologiyani joriy etish bo‘yicha fermerlarni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash zarurligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng Yangiyo‘l tumanidagi Niyozboshi qishlog‘ida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur hudud asosan ko‘kat ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. O‘tgan yili umumiy hisobda 1 ming 214 gektar asosiy va 1 ming 854 gektar takroriy maydonda ko‘kat yetishtirilgan. Joriy yilda 1 ming 66 gektarda ko‘kat ekilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 43 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 321 gektar maydonda ekinlar mavjud.

Shuningdek, 25 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 8,6 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari xorijiy davlatlarga eksport qilingan. Hududda ko‘plab aholi vakillari o‘z xonadonlarida ekin yetishtirish, issiqxonalar tashkil etish va meva-sabzavotlarni eksport qilish bilan shug‘ullanib, daromadga ega bo‘lmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov hududdagi xonadonlarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va issiqxona sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Ekinlarni yetishtirishda amalga oshirilayotgan agrotexnik amaliyotlarni ko‘zdan kechirib, tegishli tavsiyalar berdi.

Shu bilan birga, viloyat va tuman mas’ullariga umumiy ish jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish, tadbirkorlik sub’ekti vakillari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar ko‘lamini oshirish, hudud yerlaridan unumli foydalangan holda urug‘lik ekinlarni sifat darajasida parvarish qilish va navlarni ko‘paytirish borasida qator topshiriqlar berildi.

A.Musayev, O‘zA