Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanmoqda
15:25 / 2025-10-20

Bugungi kunda mamlakatimizda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham faol ishtirok etmoqda.

Jamg‘arma tomonidan qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilyapti. 

Jumladan, joriy yilda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Navoiy viloyatining Konimex tumanida faoliyat yuritayotgan “Batirxan Nigina”, “Dinara Temur chorvasi” hamda “Nurli diyor Qizilqum” fermer xo‘jaliklariga 2 milliard 180 million so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. 

– Ajratilgan mablag‘lar hisobidan Mo‘g‘uliston davlatidan 1000 boshdan ortiq “Bayad” zotli zotdor qo‘ylar olib kelindi, – deydi Jamg‘armaning Navoiy viloyati hududiy vakili Husniddin Ergashev. – Ayni paytda keltirilgan ushbu qo‘ylar qo‘zilashni boshlagan. “Bayad” zotli qo‘ylar o‘ta issiq va o‘ta sovuqqa chidamli bo‘lib, ozuqa tanlamaydi. Ularning go‘shti yumshoq va mazali bo‘lib, har biri 50-60 kg vazn to‘playdi. Sermahsul go‘sht, yog‘ va jun yo‘nalishida o‘zimizdagi mavjud qo‘ylardan ajralib turadi. Juni mayin va uzun, qayta ishlash uchun moslashgan. Har 100 bosh ona qo‘ydan 120-130 boshdan qo‘zi olish mumkin. 

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025-2026 yillarda qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sohalarida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 million boshga yetkazish, bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar yo‘lida joriy yilning 17 iyul kuni davlatimiz rahbarining “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga Mo‘g‘ulistondanmayda shoxli mollarni import qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan, 2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi. Chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov ta’minoti 50 foizgacha etib belgilanadi. 

Ayni paytda viloyatning chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlaridagi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida seminarlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, mongol qo‘ylari olish istagini bildirgan fermer xo‘jaliklariga kredit mablag‘lari olish uchun arizalar shakllantirilmoqda. 

Kelgusida viloyatda ushbu zotdor qo‘ylarni ko‘paytirish hisobiga bozorlarda go‘sht mahsulotlari tannarxini kamaytirishga erishiladi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri