Jizzax viloyati hokimligida qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida joriy yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev boshchiligida muhokama qilindi.
Unda sohada erishilgan natijalar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Qishloq va suv xo‘jaligini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni hal etish hamda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda dehqon va fermerlar, irrigator va melioratorlar, chorvadorlarning samarali mehnati natijasida viloyatda salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, 750 ming tonna g‘alla, 320 ming tonna paxta, 1 ming tonna pilla, 110 ming tonna meva va rezavorlar, 515 ming tonna sabzavot, 330 ming tonna poliz mahsulotlari, 115 ming tonna kartoshka hamda 60 ming tonna moyli ekinlar yetishtirildi.

Shuningdek, 255 ming tonna go‘sht, 730 ming tonna sut, 400 million dona tuxum va 16 ming tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkichlar qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida barqaror o‘sish ta’minlanayotganidan dalolat beradi.
Yig‘ilishda 2026 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Kelgusi yilda 6349 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish orqali qo‘shimcha 63,4 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va 8 ming nafar aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 80,4 ming gektar sug‘oriladigan maydonga boshoqli don ekinlari ekilgan bo‘lib, ekish ishlari to‘liq yakunlangan va birinchi sug‘orish ishlari amalga oshirilgan. 2026 yilda 67,6 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilmoqda. Uning 36 ming gektariga xorijiy navlar, 24 ming gektariga esa Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida plyonka ostida ekish amaliyoti joriy etilishi belgilanganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.

Bog‘dorchilik va tokchilik yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar ko‘zda tutilgan. Xususan, kelgusi yilda 2,3 ming gektar maydonda sanoatlashgan mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilib, 3,5 ming gektar mavjud bog‘ va tokzorlarga ishlov beriladi.
Qishloq xo‘jaligi texnika parkini yangilash maqsadida qiymati 505 milliard so‘mlik 1055 dona zamonaviy texnika xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ular orasida yuqori unumli don o‘rish kombaynlari va paxta terish mashinalari ham mavjud.
Chorvachilik sohasini rivojlantirish doirasida Fransiya tajribasi asosida har bir qishloq xo‘jaligi tumanida go‘sht va sut yo‘nalishidagi kichik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etiladi. Shuningdek, Mongoliya va Rossiyadan 70 ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelish rejalashtirilgan.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2026 yilda qo‘shimcha 25,4 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilib, bunday maydonlar umumiy hisobda 230 ming gektarga yetkaziladi. Natijada 2026 yilda 558 million kub metr, 2027 yilda esa kamida 589 million kub metr suv tejalishi kutilmoqda.
Yig‘ilish yakunida belgilangan chora-tadbirlar qishloq va suv xo‘jaligi sohalarini yanada rivojlantirish, aholi bandligi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA