Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga va (yoki) realizatsiya qilinishiga aralashganlik yoxud to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi o‘ziga ijaraga berilgan ikki yoki undan ortiq yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi, ya’ni qisman qayta ijaraga berishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida fermer xo‘jaligi rahbari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydigan ishga qabul qilingan taqdirda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila a’zolaridan biriga qonunchilikka muvofiq ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishga haqli ekani belgilab qo‘yilmoqda.
Loyihada nazarda tutilayotgan normalar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlanib, deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova,
O‘zA