O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish va ulardan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar hamda erishilayotgan natijalar xususida “O‘zagroinspeksiya”ning Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Adham Mahmudov bilan suhbatlashdik.
– Adham Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish sohasida “O‘zagroinspeksiya”ning o‘rni nimalardan iborat va ular qaysi normativ xujjatlar bilan belgilangan?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 martdagi qarori, 2024 yil 22 oktyabrdagi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 575-son qarori asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish va ulardan maqsadli foydalanish ustidan davlat nazoratini o‘rnatish “O‘zagroinspeksiya”ning asosiy vazifalari etib belgilangan. Asosiy maqsad qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash, ularni muhofaza qilish orqali muomiladan chiqib ketishining oldini olish hamda respublikamizda usib borayotgan aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida tizimli nazorat o‘rnatishdan iborat.

– Sohada qonunbuzilishlarni aniqlashda qanday zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda?
– Joriy yilning 6 may kuni “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlik bitimi imzolandi. Ushbu bitim doirasida kosmik monitoring natijalaridan foydalanilgan holda qishloq xo‘jaligi yerlaridagi qonunbuzilishlarni masofaviy tarzda tezkor aniqlash imkoni yaratildi. Bu orqali yer qonunbuzilishi holatlari Inspeksiyaning sohaviy mutaxassislari tomonidan barcha yerlarni monitoring qilib emas, kosmik monitoringda aniqlangan holatlarga geolokatsiya orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib o‘rganilishi va tegishli choralar ko‘rilishiga natijasida nazorat tadbirlarining samaradorligi oshishiga erishilmoqda.
– Kosmik monitoring orqali qanday natijalarga erishildi?
– So‘nggi ikki yil davomida kosmik monitoring orqali qishloq xo‘jaligi yerlarida ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilish qurilganligi to‘g‘risida jami 19 ming 515 ta holatda ma’lumotlar taqdim etildi. Hududlarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 579,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida 13 ming 878 ta, ya’ni 58 foiz holat aniqlandi.
Shuningdek, 417 gektar qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarda 5 ming 637 ta yoki 42 foiz holat qayd etildi.
– Aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha qanday choralar ko‘rildi?
– 9 ming 871 ta holat bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan zarar miqdori umumiy 117,8 milliard so‘mni tashkil etdi va rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli organlarga vakolat doirasida qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborildi. Jumladan, 6 ming 20 ta holat Bosh prokuraturaning hududiy va tuman bo‘linmalariga, 2 ming 875 ta holat Ichki ishlar vazirligi organlariga, 304 ta holat sud organlariga taqdim etildi. Shuningdek, 180 ta holatda Inspeksiya vakolatlari doirasida ma’muriy choralar qo‘llanildi.
– Barcha aniqlangan holatlar qonunbuzilish sifatida baholanadimi?
– Yo‘q, barcha holatlar ham qonunbuzilish hisoblanmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, kosmik monitoring natijalariga ehtimoli yuqori bo‘lgan yer qonunbuzilishi sifatida ma’lumotlar beriladi. Inspeksiya tomonidan o‘rganish natijalariga ko‘ra ular taxlil etiladi va qonuniyligi o‘rganiladi.
Masalan, 229 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida 3 ming 287 ta holatda noqonuniy qurilish mavjud emasligi aniqlandi. Bu asosan quyosh panellari o‘rnatilishi, ko‘chma asalari uyalari, mavsumiy chaylalar va boshqa vaqtinchalik foydalanish turlari bilan bog‘liq. Barcha holatlar rasmiy fotolavhalar va dalolatnomalar bilan hujjatlandi.
– Qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarda qanday ishlar amalga oshirildi?
– Qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan 417,3 gektar yer maydonida aniqlangan 5 ming 462 ta holat bo‘yicha ma’lumotlar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi. Xususan, 4 ming 865 ta holat Kadastr agentligiga, 60 ta holat o‘rmon xo‘jaligi tashkilotlariga, 368 ta holat esa boshqa tegishli idoralarga yuborildi.
Muxtasar aytganda, sohaga kosmik monitoring va sun’iy intelekt texnologiyalarning joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jalik yerlarida nafaqat qonunbuzilish holatlarini aniqlash, balki yil davomida yerlarni ekin mavsumiga tayyorlash, ekinlarning ekilishi va boshqa turdagi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilishini kuzatib borish amaliyoti yaratildi. Bu eng asosiy yutuqlarimizdan biridir.
O‘zA muxbiri Nilufar Bozorova
suhbatlashdi.