Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi: yangi maqsadlardan umidlar katta
14:05 / 2025-12-25

Prezident topshirig‘i amalda 

Yakunlanayotgan yil Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohot va yuqori natijalarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, sabzavotchilik, bog‘dorchilik va polizchilikda barqaror o‘sish kuzatildi. 

Bo‘stonliq, Qibray, Toshkent, Quyi Chirchiq, Parkent, Ohangaron tumanlarida 65 gektar golubika, 125 gektar malina, 650 gektar qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ekinlardan olingan daromad gektariga o‘rtacha 30 mingdan 90 ming dollargacha yetdi. Shu bilan birga, 8 ming 545 gektar dala chetlarida qo‘shimcha 412 milliard so‘mlik 55 ming tonna mahsulot yetishtirildi. Ariq-zovurlarda 148 ta tadbirkor tomonidan 500 ming bosh o‘rdak boqish yo‘lga qo‘yildi. 

Xususan, Piskent tumanidagi “O‘zbekiston” hududida minglab mevali ko‘chatlar ekib, bog‘ yaratayotgan sohibkor bog‘bonlar ko‘plab topiladi. Bog‘dorchilikda katta tajriba to‘plagan “Usmonov Noyobjon” bog‘dorchilik xo‘jaligi rahbari Asqar Usmonov hududda yashil makon maydonining kengaytirishga munosib hissa qo‘shmoqda. 

– Yerlarimiz toshloq va lalmi joylar. Shunga qaramay tuproqni mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiramiz. Ayni paytda 14 gektarda mevali daraxtlar parvarishlanmoqda. Joriy yilda el dasturxoniga 20 tonna olma, 30 tonna behi va 40 tonna olxo‘ri mevalari yetkazib berdik. Lekin bog‘dorchilikning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Ayniqsa, bu yil bahorda yomg‘ir kam bo‘lgani sababli suv tanqisligi sezildi. Shunga qaramay tegishli choralar qilishga alohida e’tibor qaratdik. Natija ham shunga yarasha. Keyingi yil erta bahorda yana 3 ming tup behi va 2 ming tup olxo‘ri ko‘chatlari ekib, bog‘ maydonini kengaytirish rejamiz bor, – deydi sohibkor Asqar Usmonov. 

Ma’lumki, yaqinda davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan uchrashib, kelgusida amalga oshirish lozim bo‘lgan muhim tashabbuslar haqida ham aytib o‘tdi. Ana shularni chuqur his qilgan holda, 2026 yil Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligi sohasida ham ishlab chiqarish hajmini keskin ko‘paytirish, yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish dolzarb vazifa etib belgilandi. 

Xususan, kelgusi yilda agrar sohada yalpi mahsulot hajmini 7,2 million tonnaga yoki 28 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilingan. Joylarda jami 14,8 ming gektar yer o‘zlashtiriladi. Jumladan, Bo‘stonliq tumanida 3 ming gektar tog‘oldi hududi o‘zlashtirilishi hisobiga rezavor ekinlarni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi. Hudud bo‘yicha golubika plantatsiyalari 300 gektarga, malinazorlar esa 440 gektarga yetadi. Bu yil aholi bandligini ta’minlash maqsadida o‘rdakchilik xo‘jaliklari ommalashtirildi. 

Prezidentimizning 2024 yil 27 iyundagi “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu jarayonda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu asosida 156 kilometr uzunlikdagi zovurlar tadbirkor va fuqarolarga bo‘lib beriladi va ularda 800 ming bosh o‘rdak boqish yo‘lga qo‘yiladi. 

O‘z navbatida 2026 yilda 5 million dollar sarmoya evaziga o‘rdak go‘shtini qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Bu orqali yiliga 5 ming tonna o‘rdak go‘shti qayta ishlanadi. Chorvachilikda qiymati 1 trillion 187 milliard so‘mlik 80 dan ortiq loyihalar ishga tushiriladi. Parrandachilikda jami 2,5 million boshga mo‘ljallangan qiymati 1 trillion 32 milliard so‘mlik 13 ta loyiha amaliyotga tatbiq etiladi. 

Pillachilikda Xitoy va Vetnam tajribalarini ommalashtirish, zamonaviy pillaxonalarda markazlashgan usulda pilla boqish amaliyoti joriy etiladi. Yana bir yangilik, qishloq xo‘jaligining barcha sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida 2026 yilda 300 dan ziyod fermer va soha mutaxassislari xorijga tajriba orttirish uchun yuboriladi. 

Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslariga ko‘ra, kelgusida 5,6 ming gektarda “ustoz-shogird” tizimi asosida paxta yetishtirish tajribadan o‘tkaziladi. Bunda ustozlik qilish tashabbusini bildirgan 71 ta malakali fermerga hosildorligi 30 sentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha fermer xo‘jaliklari biriktiriladi. 

Bu sa’y-harakatlar hisobiga har gektar maydonda kamida 6 ming dollardan daromad olish hamda sohada jami 210 ming nafar doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.