O‘zbekistonda har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi.
Bu sana nafaqat soha xodimlari uchun bayram, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan har bir insonning xizmatini e’tirof etish kunidir.
Mazkur bayram munosabati bilan kecha davlatimiz rahbarining agro sohada uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilgan, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etgan, yer va suv resurslaridan samarali foydalangan hamda yuqori hosildorlikka erishgan soha xodimlarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi.
Quvonarlisi, mukofotlanganlar orasida 8 nafar sirdaryolik fidoyi ham borligi mahalliy aholi va sohadagi hamkasblar uchun cheksiz g‘urur manbai bo‘ldi. Ular orasida Boyovut tumanidagi «Anvarbek Abbosbek» fermer xo‘jaligining paxta terish kombayni mexanizatori Bahodir Qo‘ziyev ham bor. U «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
Uning ta’kidlashicha, davlat mukofoti nafaqat shaxsiy mehnatining e’tirofi, balki qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan umumiy yutuqlarning ifodasidir.
[gallery-26658]
– Bu mukofot men uchun katta sharaf va mas’uliyat bo‘lib, yanada samarali mehnat qilish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va yuqori hosilga erishish uchun beqiyos quvonch, ilhom baxsh etadi.
Bugun Sirdaryo viloyat hokimligida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, mukofotlanuvchilarni samimiy tabrikladi va ularning soha rivojiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. Davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ishtirokchilarining ta’kidlashicha, bunday mukofotlash marosimlari qishloq xo‘jaligi sohasida fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, ularning kasbiy faoliyatiga yangi ruh va ilhom bag‘ishlash hamda soha rivojiga ijobiy turtki berishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri