Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi xodimlari mehnati e’tirof etildi
14:09 / 2025-12-16

Navoiy shahridagi “Imperial” tantanalar uyida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar, yaratilgan sharoit-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi tizimida ko‘p yillar davomida sidqidildan mehnat qilib kelayotgan, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan fidoyi insonlarning mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Jumladan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Navoiy viloyatidan 6 nafar soha vakillari orden va medallar bilan taqdirlandi. 

[gallery-26758]

Viloyatda ilmiy asoslangan innovatsion yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, urug‘chilikka bo‘lgan yuksak e’tibor natijasida paxta yetishtirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Joriy yilda 24,7 ming gektar paxta maydonlarining 5,5 ming gektarida ilk bor Xitoy va Turkiya navli chigitlar olib kelinib, “Shinjon tajribasi” usuli asosida 76x10 o‘lchamda qo‘shqator qilib ekildi. Bu tajriba o‘zining samaradorligini to‘liq isbotladi. Hosildorlik o‘rtacha 44,5 sentnerni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 12,9 sentnerga oshdi. 

Viloyatda 290 ming tonnadan ortiq g‘alla xirmoni yaratilib, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetkazildi. Shuningdek, 372,5 ming tonna sabzavot, 95,7 ming tonna kartoshka, 114,3 ming tonna poliz ekinlari, 114,7 ming tonna meva, 93,9 ming tonna uzum yetishtirildi.

Viloyatda chorvachilikni ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Prezidentimizning Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrifidan so‘ng ilk bor 21 nafar tadbirkor tomonidan 22 ming bosh “Bayat” zotli qo‘ylar olib kelindi. Yil yakuniga qadar ular sonini 30 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan.

Joriy yil yakuni bilan viloyatimizda 205,7 ming tonna go‘sht, 597,6 ming tonna sut, 474,2 mln dona tuxum va 10 ming tonna baliq yetishtiriladi. 

Tadbirda sohaning bir guruh fidoyilariga ko‘krak nishonlari hamda viloyat hokimining faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari