Navoiy viloyati hokimligida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda soha fidoyilari – fermer va dehqonlar, mexanizator hamda suvchilar, ilg‘or tomorqa egalari hamda boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan soha ilg‘orlari ishtirok etdi.
Xalqimizning dasturxoni to‘kinligini ta’minlashda dehqonlarimizning alohida o‘rni bor. Ular yil o‘n ikki oy tinim bilmaydi. Ular uchun dam olish kuni yo‘q. Bu yil pandemiya sharoitida ham viloyatimizda ko‘pni ko‘rgan, doimo yer bilan tillashib, dardlashib yashaydigan dehqon va fermerlarimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirildi.
Jumladan, 931 tonna pilla, 207 313 tonna g‘alla, 101,8 ming tonna paxta, takroriy ekinlar bilan birga, 194,7 ming tonnadan ortiq sabzavot, 69 ming tonnadan ortiq meva yetishtirildi. Natijada, 20,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Tantanali marosimda dastlab, viloyat hokimi Kobul Tursunov qishloq xo‘jaligi xodimlariga o‘z tabrigini yo‘llar ekan, global pandemiya sharoitida ham o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlaridan og‘ishmay, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsad yo‘lida matonat bilan mehnat qilayotgan hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimizning bilim va tajribalari, kuch-g‘ayrat va imkoniyatlari yetarli ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi hamda xizmat ko‘rsatuvchi, ta’minotchi, qayta ishlash tarmoqlaridagi samarali faoliyati, erishgan natijalari, sohaning rivojiga fidokorona mehnati va munosib hissasi uchun bir guruh ilg‘orlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Suv a’lochisi”, “Ilg‘or fermer”, “Namunali tomorqachi”, “Mehnatkash dehqon” ko‘krak nishonlari hamda Navoiy viloyati hokimligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
[gallery-402]
Abduvali BO‘RIEV, Siroj ASLONOV (foto), O‘zA