Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan buxorolik bir guruh soha xodimlari ham faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Bayram arafasida ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlash marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov mukofotlanganlarni yuksak e’tirof bilan samimiy qutladi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz agrar tarmog‘i yangi bosqichda rivojlanib, aholining tinch, to‘kin va farovon turmushi ta’minlanmoqda. Bu jarayonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

Buxoroda ham suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligida yakunlanayotgan yilda 48 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi va bu o‘tgan yilga nisbatan 7 trillion so‘m yoki 104 foizga o‘sdi.

Ayniqsa, paxtachilikda ilm, fan, yangi texnologiyalarga asoslanib ish ko‘rilganligi tufayli mirishkor buxoroliklar necha yillardan buyon orzu qilib kelgan 400 ming tonnalik xirmon yaratdi. O‘rtacha hosildorlik 47,3 sentnerga ko‘tarildi. Paxtachilikdan ko‘riladigan daromad 3,2 trillion so‘mga yetib, dehqon va fermerlar qariyb 1 trillion so‘m sof foyda oldi, rentabellik darajasi 34 foizni tashkil etdi.

Bu yil 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari tomonidan 65 ming gektar maydonda tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan g‘alla navlari ekilib, 520 ming tonna hosil olindi va hosildorlik o‘rtacha 80 sentnerni tashkil qildi. Yetishtirilgan g‘alla hosilidan 1 trillion 410 milliard so‘mlik daromad, shundan, 620 milliard so‘m sof foyda olindi.

Keyingi yillarda viloyatda bog‘dorchilik va uzumchilik sohasida ham katta o‘zgarishlar kuzatildi. Viloyatda bog‘ maydonlari qariyb 12,5 ming va uzumzorlar esa 10 ming 351 gektarni tashkil etadi. 2025 yilda 2,5 ming gektar yangi sanoatlashgan bog‘ va 2,5 ming gektar sanoatlashgan uzumzorlar barpo qilindi. Bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanadigan xo‘jaliklarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8 ta sub’ektga 1 milliard 250 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bunday e’tibor va rag‘bat uchun davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorligini izhor etib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida yanada g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilishni bildirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.