Qonunchilik palatasi majlisida qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonovning “Mamlakatimizda eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari hajmini ko‘paytirish va maqsadli eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobini ko‘rib chiqdi.
Axborotda keltirilishicha, mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarining eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2025 yilda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida xalqaro standartlar talablarini joriy etib, sertifikatlangan korxonalar sonini 2 ming 32 taga yetkazish belgilangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2 ming 45 taga yetkazildi va reja 101 foizga bajarildi. Bugungi kunda respublikada organik sertifikat beradigan 12 ta muvofiqlikni baholash organlari faoliyat yuritmoqda.
Fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 10 ming gektarda organik mahsulot yetishtirish bo‘yicha vazifa belgilangan bo‘lib, amalda 36 ta sub’ektlar tomonidan jami 10,3 ming gektarda organik mahsulot yetishtirildi. Ushbu maydonlardan jami 26,5 ming tonna hosil olingan bo‘lsa, respublikada GlobalG.A.P. xalqaro tan olingan standarti talablari asosida 955 gektar maydonda 14 ming tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirildi.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, xalqaro standartlarni joriy etgan 48 ta qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat korxonalariga davlat tomonidan 2025 yilda 3,8 milliard so‘m moliyaviy yordam ajratilgan.
Bugungi kunda respublikada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida amalda 4 ming 233 ta standartlar mavjud bo‘lib, shundan 1 ming 957 tasi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirildi. Amaldagi standartlarni JST talablariga moslashtirish bo‘yicha esa 410 ta standart ko‘rib chiqildi.
2025-2026 yillarda hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha 10,4 trillion so‘mlik 673 ta loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha tizimli monitoring yo‘lga qo‘yildi.
2025 yilda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami 3,9 mln. gektarga ekin ekilgan bo‘lsa, 898 ming gektarga takroriy ekinlar ekilib, 12,8 mln. tonna, shundan 5,1 mln. tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi.
Eksport geografiyasi esa 95 ta davlatni qamrab olib, Rossiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va Xitoy asosiy savdo hamkorlari sifatida yetakchi o‘rinlarni egalladi. Yaponiya, AQSH, Koreya Respublikasi va Yevropa davlatlari bozorlariga chiqish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Majlisda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlar yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA