O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatiga kelib, Zomin, Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlarida meva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish holati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab Zomin tumanidagi “Agro finans lizing” aksiyadorlik jamiyatiga borildi va bu yerda olma, o‘rik, nok va boshqa mevali daraxt ko‘chatlaridan barpo etilayotgan 500 gektarlik intensiv bog‘ foliyati yaqindan o‘rganildi.
Bu yerda 112,6 gektar maydonda nok bog‘i yaratilgan. Vazir mevalarning holati, hosildorligi va iste’molgacha yetkazib berilishigacha bo‘lgan jarayonlar haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, korxona hududidagi 93 gektar maydonda pavlovniya ko‘chatidan tashkil etilgan plantatsiyani ham ko‘zdan kechirdi.
Keyingi manzil tumandagi “Barakali hosildor yerlari” fermer xo‘jaligi bo‘ldi.
Mazkur fermer xo‘jaligining 25 gektar maydonida tomchilatib sug‘orish tizimi orqali piyoz yetishtirilmoqda. An’anaviy usulda ekilgan hosilga nisbatan 1,5-2 barobar ko‘proq (1 gektar yerdan o‘rtacha 100-110 tonna) hosil olinishi mumkin.
Shundan so‘ng qishloq xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi ishchi guruh “Peshog‘ar” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan “Zomin olam gullari” kooperatsiyasida bo‘lib, 20 nafar gulchi ayol tomonidan 15 gektar maydonga ega 1 milliard 200 million so‘mlik loyihaning amalga oshirilishi bilan qiziqdi.
Ishchi guruhi Zarbdorda ham bo‘lib, ushbu tumanda joylashgan “Zarbdor Universal logistika” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Umumiy maydoni 35 gektardan iborat bo‘lgan ushbu korxona 2017 yil mart oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ana shu maydonning 7 gektarida issiqxona, 15 gektarida mevali bog‘ mavjud. Aziz Voitovga 7 gektarlik issiqxonaning 1 gektarida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan maxsus ko‘chatchilik maydoni loyihasi haqida ma’lumotlar berildi.
Unga ko‘ra, ushbu ko‘chatchilik issiqxonasida intensiv sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlari yetishtiriladi, Zarbdor va unga qo‘shni tumanlardagi aholi tomorqalari, fermer xo‘jaliklariga yetkazib beriladi.
So‘ng Sharof Rashidov tumanida joylashgan “BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasi tomonidan barpo etilayotgan zamonaviy agrologistika kompleksi faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida ishtirokchilar agrologistika kompleksi hududida tashkil etilayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan muzlatgich omborlari qurilish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Sharof Rashidov tumanidagi “Oltinsoy” suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi “Qo‘ychi ota” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan, 10 gektar maydoniga takroriy ekin sifatida ekilgan moshdan 25 tonna yalpi hosil olish rejalashtirilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA