Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi vaziri islohotlarni o‘rgandi
19:01 / 2025-12-24

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hududlarda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u avvalo Sayxunobod tumanining “Dax Pole Tex” fermer xo‘jaligidagi sarimsoqpiyoz yetishtirilayotgan dala maydonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Fermer xo‘jaligida 100 gektar maydonga sarimsoqpiyozning mahalliy “Janub” navi hamda Xitoydan keltirilgan urug‘lar ekilib, shuning 80 gektarida yomg‘irlatib, 20 gektarida esa tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilmoqda. E’tiborga molik jihati shundaki, sarimsoqpiyoz paxta yig‘im-terimi yakunlangan maydonlarga ekilmoqda va bu yerlar qish faslida ham samarali foydalanilmoqda. Hosil yig‘ib olingach, maydonlar yana paxta yetishtirish uchun tayyorlanadi. Bunday yondashuv ekish aylanmasini ta’minlash va yer unumdorligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fermer xo‘jaligi rahbarining qayd etishicha, AQSH kompaniyasi bilan eksport shartnomasi imzolangan bo‘lib, hosil to‘liq organik mahsulot sifatida Amerika bozoriga yetkazib beriladi. Xalqaro talab va standartlarga muvofiqlikni ta’minlash maqsadida barcha agrotexnik tadbirlar xitoylik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda.  

Vazir xo‘jalik rahbari va mutaxassislar bilan suhbatda mahalliy va xorijiy sarimsoqpiyoz navlarining o‘suvchanlik xususiyatlari, hosildorligi, eksportbopligi haqida batafsil ma’lumot oldi. Shuningdek, organik mahsulotlar yetishtirishda sanitariya, ekologik va xalqaro standartlarga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi. Mazkur tajribani nafaqat Sayxunobod, balki Sirdaryo viloyatining boshqa tumanlarida ham joriy etish maqsadga muvofiq ekani aytildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi yilda fermer xo‘jaligi oldiga 3 ming gektar maydonda sarimsoqpiyoz yetishtirish vazifasi qo‘yilgan. Keyingi bosqichda paxtadan bo‘shaydigan barcha maydonlarda ushbu mahsulotni ekib, uni eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Chunki sarimsoqpiyozga xalqaro bozorlarda talab yuqori, qish faslida bo‘sh qoladigan yerlardan oqilona foydalanish esa fermerlar uchun barqaror daromad manbai bo‘lishi mumkin.

Sayxunobod tumanidagi tashrifdan so‘ng, vazir Ibrohim Abdurahmonov Guliston shahrida joylashgan “Bunyodkor Go‘sht Sut Savdo Invest” MCHJ da aholi uchun zaxira qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash jarayoni bilan tanishdi. Korxonada 1000 tonna kartoshka, 274 tonna piyoz, 353 tonna guruch, shuningdek, shakar va go‘sht mahsulotlari belgilangan talablar asosida saqlanmoqda.

Vazir zaxiralarni ko‘zdan kechirar ekan, mavjud mahsulotlar faqat qisqa muddatda emas, balki qishning avjiga chiqqqan paytlarida ham bozor barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan oziq-ovqat zaxiralarini hududlar kesimida muvozanatli shakllantirish va ehtiyoj tug‘ilganda ularni tezkor yetkazib berish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, bozorlarda mahsulot taqchilligi kuzatilgan hollarda ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan tezkor to‘ldirish bo‘yicha uzluksiz zanjir yaratish muhim ekani qayd etildi. Ya’ni ishlab chiqarish, saqlash va sotish jarayonlari o‘zaro muvofiqlashgan holda amalga oshirilishi kerak.

Ibrohim Abdurahmonov mutasaddilarga raqamlar ortidan quvish emas, balki aniq, mas’uliyatli va shaffof ish yuritish zarurligini eslatdi. Chunki oziq-ovqat zaxiralarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri rejalashtirish — qish mavsumida aholini uzluksiz ta’minot bilan ta’minlash hamda bozor barqarorligining asosiy kafolatidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri