Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati: O‘zbekiston va Belarus uchun yangi imkoniyatlar (+video)
20:56 / 2024-02-07

Bugun Toshkentda O‘zbekiston – Belarus davlatlarining II Forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ikki mamlakat tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari tomonidan iqtisodiy salohiyat, eksport imkoniyati, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish quvvatlariga oid taqdimotlar namoyish qilindi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati vazirligi o‘rtasida “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati: O‘zbekiston va Belarus uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida muzokara olib borildi.

Ishtirokchilar o‘zaro yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turini ko‘paytirish, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va veterinariya, qishloq xo‘jaligi fanlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi kelgusi qadamlar aks etgan bir qator loyihalarni taqdim etdi.

– Mazkur forum mahsulotlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi, Belarus tovarlarini yurtingiz bozorida targ‘ib qiladi, – dedi ko‘rgazmada o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etgan Belarusning eng yirik “Spartak” qandolat fabrikasi eksport bo‘limi savdo menejeri Dmitriy Voytko. – Mahsulotlarimiz tabiiy, yuqori  sifatli, narxi ham raqobatbardosh. O‘zbekiston bilan 2014 yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Korxonamizning ijobiy tendensiyasi – muntazam o‘sish, savdo ko‘lamini kengaytirib borish. E’tiborli jihati, tadbirkorlarga, mahalliy aholiga mahsulotimiz ma’qul kelyapti. Bunday ko‘rgazmalar Belarus mahsulotlari O‘zbekiston bozorida xaridorgir ekanini ko‘rsatmoqda.

Anjuman davomida Belarusda “in-vitro” usulida yetishtirilgan golubika ko‘chati elita navidan foydalangan holda, respublikamiz hududida mazkur o‘simlikni yetishtirish bo‘yicha sinov-ko‘rgazma maydoni yaratish loyihasi kelishib olindi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasida qishloq xo‘jaligi savdosi, fan va agrar ta’lim bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatilgan, chorvachilik, veterinariya va o‘simliklar seleksiyasi sohasida faol aloqa yo‘lga qo‘yilgan.

Samimiy ruhda kechgan muzokara davomida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Belarus bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bu har ikki tomon uchun birdek manfaatli ekanini qayd etdi.

– O‘zbekiston – Belarus II Forumi doirasida hamkorlarimiz bilan birga qator masalalar, xususan amaldagi loyihalarning joriy holati va kelgusida amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni muhokama qildik, – dedi  Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov. – Hozirgacha  Belarusdan naslli qoramollar keltirish yo‘lga qo‘yilgan. Endi nasl olish, mahsuldorligi yuqori bo‘lgan zotlarni o‘zimizda urchitish orqali nasldor jonivorlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanyapmiz.

“Servolyuks” nomli yirik korporatsiya bilan qiymati 150 million dollarlik loyihani yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik. Parranda yetishtirish, mahsulotlarni kelgusida eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik “Saushkin” korxonasi bilan 40-50 million dollarlik yangi loyihani ilgari surish bo‘yicha ish boshlandi.

Belarus hududida ham qo‘shma loyihalar amalga oshirish,  yirik chorvachilik majmualari tashkil etish, yetishtirilgan mahsulotni arzon narxda yurtimizga keltirish masalasida kelishuvga erishishmoqchimiz.

[gallery-15849]

Har qanday sohani o‘zlashtirish, rivojlantirish uchun bilim, malakali mutaxassislar kerak. Shu nuqtai nazardan Belarusdan o‘rganish mumkin bo‘lgan ko‘p jihatlar bor. Masalan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan Vitebsk davlat veterinariya akademiyasi o‘rtasida kelishuv imzolanib, qo‘shma fakultet tashkil etilgan. Fakultet  “2+2” formatida faoliyat olib boradi. Ya’ni, o‘zbekistonlik talabalar Samarqandda 2 yil, Vitebskda 2 yil veterinariya, zooinjeneriya yo‘nalishlarida, chorvachilik sohasida ta’lim olib, 2 ta diplomga ega bo‘ladilar. Hozir qo‘shma fakultetda 250 nafar o‘zbekistonlik o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda.

<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/HCOtzPnZjpA" title="Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati: O‘zbekiston va Belarus uchun yangi imkoniyatlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muzokaralar yakunida tomonlar samarali, konstruktiv hamkorlik istiqbolining amaliy jihatlari aks etgan hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Toshkent forumi doirasda jami 80 million dollarlik shartnomalar imzolandi.

Muharrama Pirmatova,

Nosirjon Haydarov (surat, video), O‘zA