English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar sohasida hamkorlik – oziq-ovqat xavfsizligi garovidir
13:18 / 2022-07-25

Dunyoda sodir bo‘layotgan geosiyosiy o‘zgarishlar davrida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan birgalikda choralarni ko‘rish dunyodagi nufuzli xalqaro institutlar, shu jumladan, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining 7-uchrashuvi kun tartibidan muhim o‘rin olgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlariga asoslangan pragmatik, konstruktiv va faol tashqi siyosat olib bormoqda. Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosati dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat hamda respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli tub islohotlardan kelib chiqib shakllanmoqda. O‘zbekiston olib borayotgan yangi tashqi siyosat bugungi kunda mamlakatimizning nafaqat dunyo davlatlari bilan ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama munosabatlarini ham yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu, o‘z navbatida, barcha sohalarda xorijlik sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va samarador aloqalar o‘rnatilishi va rivojlanishiga zamin yaratmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, SHHT, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) doirasida ilgari surilgan salmoqli g‘oyalar va takliflar amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda. Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ilgari surilgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, 2021 yil 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT samitida O‘zbekiston 2021-2022 yillarga SHHTdagi raislikni qabul qilib oldi. Mamlakatimizning Tashkilotdagi raisligi doirasida O‘zbekiston SHHTga faol tashabbuskorlik ruhini olib kirib, qator muhim takliflarni ilgari surmoqda hamda barcha turli darajadagi tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilmoqda.

Shular qatorida, joriy yilning 24-25 iyul kunlari Toshkent shahri Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining 7-uchrashuviga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbir doirasida “Serquyosh O‘zbekiston” nomi ostida meva-sabzavotlar yarmarkasining tashkil etilishi mamlkatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dunyo davlatlariga yana bir bor namoyish etish imkoniyatini beradi.

Tadbir davomida SHHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari tomonidan “Aqlli qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida o‘zaro hamkorlik konsepsiyasi” loyihasini ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Hujjat loyihasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqand sammitida SHHTga a’zo davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda. Mazkur konsepsiya SHHT makonida agrar sohaga innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni nazarda tutadi.

Oxirgi yillarda pandemiyaning salbiy oqibatlari natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar, tovarlarni “ishlab chiqarish – yetkazish” zanjirining uzilishlari, xalqaro munosabatlar tizimining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan geosiyosiy jarayonlar, shuningdek, ortga qaytarib bo‘lmaydigan darajaga yetib kelgan ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi hamda yer yuzida cho‘llashish jarayonlarining tezlashishi butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solib, ayrim davlatlarda hatto ocharchilik xavfini yuzaga keltirmoqda.

Aynan shunday murakkab davrda SHHTga a’zo  davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishining O‘zbekistonda o‘tkazilishi SHHT davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taribgina qolmay, balki butun mintaqada mavjud bo‘lgan oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolarni birgalikda muhokama qilish va ularga o‘zaro maqbul yechimlar topishda alohida o‘rin tutadi.

Shu o‘rinda, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e’lon qilingan ayrim raqamlarga murojaat qilish e’tiborga molik. FAO ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda oziq-ovqatlarning xalqaro savdosi uchun jami yer resurslarining 37 foizi hamda suv manbalarining 29 foizi sarflanadi. Agar ayrim mintaqalardagi keskin suv tanqisligi, qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli yerlarning kamligi hamda cho‘llashish jarayonining tezlashib borayotganligini inobatga olsak, global hamda mintaqaviy darajadagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda mukammal ishlovchi agrar tizimni yaratish hayotiy zarurat ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy 2022 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozor munosabatlaridagi o‘rni bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida samarali savdo-sotiq butun dunyo bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga va aholi turmush-tarzini yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim drayver ekanligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirish oziq-ovqat ta’minoti tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash bilan bir qatorda, tanqis hisoblangan tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanishga, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarning keng yoyilishiga sharoit yaratadi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, ikki yil ichida oziq-ovqat ta’minotidan aziyat chekayotganlar soni ikki baravar ko‘paydi, pandemiyadan oldingi 135 milliondan 276 millionga yetdi. bugungi kunda ba’zi hudularda bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlar, qurolli to‘qnashuvlar va urushlar natijasida ushbu raqamlar 323 milliondan oshib ketgan. Qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslarning cheklanganligi oziq-ovqat xavfsizligi muammosini yanada keskinlashtirmoqda.

Hozirgi kunda SHHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Unga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘i, degani. SHHT mamlakatlarining umumiy aholisi 3,2 milliard kishini tashkil etadi, bu esa, dunyo aholisining qariyb yarmidir.

Tashkilot 8 ta doimiy a’zo davlatni, 4 kuzatuvchi va 9 muloqot bo‘yicha 9 sherik davlatni o‘z atrofiga birlashtirgan. 21 mamlakatdan iborat “SHHTning katta oilasi” uch qit’ani – Osiyo, Yevropa va Afrikani qamrab olgan. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarning ushbu tuzilma bilan u yoki bu formatda o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi tobora o‘sib bormoqda.

SHHTga a’zo davlatlar iqtisodiyotining umumiy hajmi qariyb 20 trillion AQSH dollarini tashkil etadi, bu tashkilot tuzilgan paytdagidan qariyb 13 barobar ko‘p. Tashkilot makoni dunyodagi eng keng iste’mol bozorini anglatadi. bugungi kunda SHHT a’zolarining umumiy yalpi ichki mahsuloti umumjahon ko‘rsatkichlarining qariyb ¼ qismiga yetdi. 2030 yilga borib bu raqam jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 35-40 foizigacha ortishi mumkin.

Pandemiyaning salbiy oqibatlari davlatlarning iqtisodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, SHHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini barqaror rivojlantirish uchun jiddiy muammoga aylandi. bugungi kunda butun dunyoda millionlab odamlarning oziq-ovqat xavfsizligi va turmush tarzi ishlab chiqarish samaradorligi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro savdosiga bog‘liq.

Qishloq aholisining ulushi 52,6 foizni, ya’ni qariyb 1,7 milliard kishini tashkil etuvchi SHHT mamlakatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va ishlab chiqaruvchidan xaridorga yetkazishda qator muammolarga duch keldi. Pandemiya davom etayotgan bir sharoitda davlatlarimiz aholisini zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash masalalari dolzarbligicha qolmoqda.

Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo ayirboshlash va investitsiyalarni rivojlantirishga qaratgan. Yangi bo‘shliqlarning oldini olish hamda ishdan chiqqan ishlab chiqarish zanjirlari va kooperatsiya aloqalarini tiklash, himoya to‘siqlarini bartaraf etish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish standartlarini uyg‘unlashtirish, shuningdek, SHHTga a’zo mamlakatlar bozorlariga teng kirishni ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarur.

Yashil innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda SHHTga a’zo davlatlar qishloq hududlarini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish mamlakatlarimiz eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi.

Shubhasiz, bugungi kunda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylandi. Hozirgi sharoitda jahon savdosi transchegaraviy elektron oziq-ovqat savdosini eng yuqori darajaga olib chiqdi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot jahon savdosining qariyb 20 foizini tashkil qiladi va 2025 yilga kelib uning o‘sishi 25 foizgacha yetishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, 2019 yilda Xitoyning Yanglin shahrida qishloq xo‘jaligi texnologiyalari almashinuvi va o‘qitish uchun SHHTning ko‘rgazmali bazasi tashkil etilganini alohida ta’kidlash zarur.

Qisqa vaqt ichida olib borilgan qizg‘in faoliyat natijasida SHHT bazasini Tashkilot makonida zamonaviy “aqlli qishloq xo‘jaligi”ni yaratish uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, elektron tijoratni rivojlantirish va ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikning istiqbolli ko‘p tomonlama platformasi sifatida ko‘rsatishga imkon berdi.

Shu asnoda, qishloq xo‘jaligi sohasi SHHTga a’zo davlatlar hamkorligining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanib, Tashkilot a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarida qishloq xo‘jaligiga katta ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda Tashkilot doirasida 2010 yil Toshkent sammitida imzolangan SHHTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim va 2018 yil Dushanbe shahrida SHHT Hukumat rahbarlari yig‘ilishida qabul qilingan “SHHTning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik Dasturi” asosida agrosanoat majmuasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faol hamkorlik olib borilmoqda.

Shu o‘rnida, SHHT davlatlari jahon oziq-ovqat bozorini mustahkamlash, ekologik toza va organik mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalar kiritish kabi vazifalarni hal etishda Tashkilotning rolini yanada kuchaytirish tarafdori ekanligini qayl etish joiz. Ushbu vazifani bajarishda O‘zbekiston tomonidan taklif etilayotgan “SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida «aqlli» qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida o‘zaro hamkorlik Konsepsiyasi” alohida o‘rin tutadi.

SHHT davlatlarida qishloq xo‘jaligiga agroinnovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, agrosanoat majmuasining barcha sub’ektlarining malakasini oshirish, shuningdek, zamonaviy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yuzasidan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ushbu Konsepsiyaning asosiy vazifalaridandir.

«Aqlli» qishloq xo‘jaligi tushunchasi – bu mehnat unumdorligini oshiradigan, ishlab chiqarish tannarxini kamaytiradigan va agrar sektor barqarorligini oshiradigan ilg‘or texnik va raqamli yechimlardan (shu jumladan ishlab chiqarishni integratsiyalashgan avtomatlashtirish va robotlashtirish, katta ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlari, mashinalarni o‘rganish va sun’iy intellekt)  foydalangan holda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning zamonaviy usullariga asoslangan qishloq xo‘jaligini anglatadi. Agroinnovatsiya esa agrosanoat majmuasida foydalanishga kiritilgan yangi yoki sezilarli darajada yaxshilangan mahsulot (tovar, xizmat) yoki jarayondir.

Ma’lumki, SHHTga a’zo davlatlar salmoqli salohiyatga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun keng bozorga ega bo‘lgan dunyoning eng zich joylashgan mintaqalaridan biri hisoblanadi. SHHTga a’zo davlatlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishi zarur.

Ushbu qabul qilinajak Konsepsiya Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni jadallashtirish imkonini beradi:

– ilg‘or jahon tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi sanoati infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish;

– zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish hamda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or yechimlar;

– SHHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni tashkil etish;

–SHHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sohasida kadrlar almashinuvi, malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarbligi bugungi kunda muttasil oshib borayotgani, SHHTga a’zo davlatlar oilasi izchil rivojlanayotgan, zamonaviy qishloq xo‘jaligiga ega, mintaqa va unda yashovchi xalqlarning oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qodir iqtisodiyoti faol taraqqiy etayotgan makonga aylanib borayotgani quvonarlidir.

Toshkentda o‘tkazilajak ushbu yuqori darajadagi tadbir SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilib, yangi hamkorlik ufqlarini kengaytiradi.

 

N.QUVONDIQOV,

Tashqi ishlar vazirligi 

Mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik  

boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.

M.MUSTAFOEV,

 Tashqi ishlar vazirligi

Mintaqaviy tashkilotlar bilan

hamkorlik boshqarmasi 2-kotibi.

O‘zA